Germaniyada Tesla Model Y avtomobili ishonchsiz deb topildi

4-dekabr 2025 15:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Tesla

Germaniyaning avtomobillar xavfsizligini majburiy tekshiruvdan o‘tkazuvchi TÜV Rheinland tashkiloti hisobotida Tesla Model Y oxirgi o‘n yil ichida tekshiruvdan o‘tgan avtomobillar orasida eng ishonchsiz model sifatida qayd etildi.

Tashkilot mutaxassislari 9,5 mln avtomobilning texnik ko‘rik natijalarini tahlil qilgan. Hisobotda 2–3 yillik avtomobillar toifasida Tesla Model Y so‘nggi o‘rinni egallagani qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu modellarning 17,3 foizi texnik ko‘rikdan o‘ta olmagan.

Bundan tashqari, Tesla Model Y TÜV tarixidagi eng past bahoni olgan model sifatida qayd etildi. Mutaxassislar buni avtomobilning foydalanish jarayonidagi barqarorligi va texnik sifat ko‘rsatkichlari pastligi bilan izohladi.

Hisobotda asosan osma tizimi va tormoz komponentlari Tesla uchun eng muammoli uzellar ekani ta’kidlangan. TÜV inspektorlari avtomobillarning deyarli beshdan bir qismi birinchi majburiy texnik ko‘rikdan o‘ta olmasligini qayd etishgan.

Bundan tashqari, tormoz disklari bilan bog‘liq jiddiy muammolar aniqlangan. Germaniyaning nam iqlimi tormoz disklari tezda zanglanishi va korroziyaga uchrashiga olib keladi. Natijada disklar mexanik jihatdan yaroqli bo‘lsa ham, xavfsizlik talablariga javob bermay, ko‘rikdan o‘ta olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri dunyodagi eng noodatiy 6 avtomobil haqida yozgan edi.

Shuningdek