Green Card uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandimi — Elchixona javob berdi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 2027-yilgi Diversity Visa (Green Card) lotereyasi bo‘yicha tarqalgan yolg‘on ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda elchixona Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Diplomatik vakolatxona hozircha ariza topshirish jarayoni boshlanmaganini ma’lum qildi. Elchixonaning ta’kidlashicha, internetda va ayrim shaxslar tomonidan ro‘yxatdan o‘tish boshlangan, g‘oliblik imkoniyatingizni oshirib beramiz kabi da’volar tarqalmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bunday xizmatlar yolg‘on va fuqarolarni chalg‘itishga qaratilgan.
Davlat departamenti DV-2027 uchun aniq sanalarni va ariza topshirish qoidalaridagi ehtimoliy o‘zgarishlarni tasdiqlagach, bu haqida ommaga rasmiy ravishda e’lon qiladi.
Elchixona fuqarolardan faqat rasmiy manbalarga ishonishni, shubhali xizmatlarga murojaat qilmaslikni tavsiya qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Green Card’ga ariza topshirish muddati o‘zgarishi haqida yozgandi.
Mazkur o‘zgarishlar DV-2027’ga tanlab olingan shaxslarning vizaga ariza topshirish muddatiga ta’sir qilmaydi. Vizaga ariza topshirish davri 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 30-sentabrgacha davom etadi.
Shuningdek, AQSh Davlat departamenti 2025-yil 16-oktabrdan boshlab Diversity Visa (Green Card) lotereyasida qatnashuvchi barcha ishtirokchilardan $1 miqdorida elektron ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi olinishi haqida e’lon qilgandi.