
Shavkat Mirziyoyev Guliston shahri jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Guliston shahridagi ichki yo‘llar bo‘ylab qatnovlarni yaxshilash maqsadida 52 ta yangi avtobus olib kelindi. Ular «Yevro-5» standartiga javob beradi va tabiiy siqilgan gazda harakatlanadi. Har biri 65 nafar yo‘lovchini qulay sharoitda yetkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, past polli dizayni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun pandus uskunalari va alohida o‘rinliklar bilan jihozlangan. Yo‘l haqi to‘lovlarini elektron tarzda amalga oshirish uchun «ATTO» tizimi o‘rnatildi.



Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olinib, avtobuslar Guliston shahrining 23 ta mahallasini qamrab oluvchi 7 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida harakatlanadi. Natijada harakat intervali avvalgiga nisbatan 2 barobarga qisqarib, kuniga 29 ming nafar aholiga qulay, xavfsiz va arzon transport xizmatlari ko‘rsatiladi.
Mazkur qatnovlar orqali yiliga 38 mlrd so‘mdan ortiq transport xizmatlari taqdim etiladi va 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Davlat yetakchisi mutasaddilarga Guliston shahrining jamoat transporti parklarini zamonaviy avtobuslar bilan to‘ldirish ishlarini izchil davom ettirish va fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, kelgusida 11 metrli, uzoq masofaga mo‘ljallangan yana 30 ta avtobus olib kelish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilgach, qo‘shimcha 150 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Gulistondagi portlashda jarohat olganlarni borib ko‘rgan edi.