
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) 2025-yil oktabr oyidagi statistikani e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur oyda yo‘lovchi va yuk tashuvlari segmentlarida sezilarli o‘sish kuzatildi.
Xususan, yo‘lovchi tashuvlariga talab 6,6 foizga oshdi, tashuv quvvati esa 5,8 foizga kengaydi. Shuningdek, xalqaro qatnovlar bo‘yicha o‘sish 8,5 foizni tashkil qildi va ichki tashuvlar 3,4 foizga ko‘tarildi.
Osiyo–Tinch okeani mintaqasi xalqaro reyslar bo‘yicha eng yuqori natijani ko‘rsatdi. Xitoy, Yaponiya va Vyetnam o‘rtasidagi yo‘nalishlarda 10 foizdan yuqori o‘sish qayd etildi. Ichki bozorlarda eng yuqori o‘sish Braziliyada (12,4%) kuzatilgan bo‘lsa, AQSh ikki oylik pasayishdan keyin biroz tiklanishni boshladi.
«Oktabr oyida kuchli talab kuzatildi, noyabr va dekabrdagi tashuv quvvatining oshirilishi esa sanoatning bayram mavsumiga faol tayyorgarligini tasdiqlaydi. 2026-yil bo‘yicha iqtisodiy noaniqlik fonida barqaror talab hukumatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi lozim bo‘lgan muhim ijobiy omildir», — deydi IATA bosh direktori Uilliy Uolsh.
Yuk tashuvlari bo‘yicha ham o‘sish qayd etildi. Umumiy talab 4,1 foiz, xalqaro tashuvlar bo‘yicha esa 4,8 foizga ko‘tarildi. Eng yuqori o‘sish Afrika (16,6%) va Osiyo–Tinch okeani (8,3%) mintaqalarida qayd etilgan. Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasida esa talab 2,7 foizga kamaydi. Ba’zi asosiy savdo yo‘laklarida hajm oshgan bo‘lsa-da, Shimoliy Amerika–Osiyo va Yevropa ichidagi yo‘nalishlarda pasayish kuzatilgan.
«Yuk tashuvlari bozordagi o‘zgarishlarga moslashuvchanlik ko‘rsatib, AQShning tarif siyosati ta’sirida shakllanayotgan global yetkazib berish zanjirlarining moslashishiga yordam bermoqda. Bu, ayniqsa, to‘rtinchi chorakning eng yuqori yuk mavsumi arafasida juda muhimdir», — deydi Uolsh.
Avvalroq Oʻzbekiston aeroportlari 2025-yilning yanvar – oktabr oylarida 12 milliondan ortiq yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatgani xabar qilingandi. Ta’kidlanishicha, shundan 10,38 millioni xalqaro yoʻnalishlar, 2,2 millioni esa ichki reyslar hissasiga toʻgʻri keladi. Hisobot davrida respublika aeroportlari 105 mingta reysga xizmat koʻrsatdi. Ulardan 30 mingtasi ichki, 75 mingtasi xalqaro yoʻnalishlarda amalga oshirilgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 13 foiz yuqori.