
Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask yaqin kelajakda sun’iy intellekt va robotlar barcha zarur yumushlarni o‘z zimmasiga olishi, natijada insonlar uchun ishlash tirikchilik manbai emas, balki ixtiyoriy tanlovga aylanishini ma’lum qildi.
Nikhil Kamat bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda Mask texnologik taraqqiyotning insoniyat hayotiga ta’siri haqida to‘xtalib, mehnat bozoridagi tub o‘zgarishlarni taxmin qildi. Uning fikricha, sun’iy intellekt va robototexnikaning jadal rivojlanishi yaqin 15 – 20 yil ichida an’anaviy ish tushunchasini yo‘qqa chiqaradi.
«Menimcha, 20 yildan kamroq vaqt ichida ishlash ixtiyoriy bo‘ladi. Ishlash xohishga bog‘liq masala bo‘lib qoladi. Xuddi xobbi kabi», – dedi Ilon Mask.
Eslatib o‘tamiz, milliarder robotlar keng joriy etilgach jamiyatda har bir inson uchun yuqori daromad va barqaror farovonlik yaratish mumkinligini bildirib, Optimus robotlari global iqtisodiyotga inqilobiy o‘zgarishlar olib kirishini aytgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask boshqargan departament muddatidan oldin tugatilgani haqida xabar bergan edi.