
Ijtimoiy tarmoqlarda karta ochtirgan voyaga yetmaganlarda kartani mobil ilovaga biriktirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotgani bildirilgan. Markaziy bank holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga alohida ko‘rsatma yubordi. Unda voyaga yetmaganlar uchun mobil ilovadan foydalanish imkoniyatini yaratish, xavf yuqori bo‘lgan operatsiyalar esa qo‘shimcha identifikatsiya bilan himoyalanishi kerakligi aytilgan.
Markaziy bank yaqin kunlarda voyaga yetmaganlar o‘z bank kartalaridan mobil ilovalar orqali bemalol foydalanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma»ga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘zlari mustaqil ravishda tijorat banklarida bank kartasi ochish huquqiga ega. Shuningdek, 14 yoshgacha bo‘lganlar esa ota-onasining yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida karta ochishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bankning bank kartalarini chiqarish va muomala tartibiga kiritgan o‘zgartirishlari bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida yozgandi.