
LEGO mashhur Stranger Things seriali asosida yaratilgan yangi konstruktori Icons Stranger Things: The Creel House to‘plamini taqdim etdi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.
Yangi model 2593 ta detalldan iborat bo‘lib, serialning 4–5-mavsumlaridagi muhim lokatsiya — Kril uyini tasvirlaydi. To‘plam tarkibidan serialning barcha bosh qahramonlari minifiguralari, shuningdek Stivning avtomobili, WSQK radiostansiyasi furgoni va Uillning velosipedi ham o‘rin olgan.

LEGO xabariga ko‘ra, Icons Stranger Things: The Creel House to‘plami 2026-yil 1-yanvardan sotuvga chiqariladi. Bu sanada serialning final epizodi ham namoyish etiladi. Narxi $299 qilib belgilangan.
Serialning beshinchi — yakuniy mavsumi hozirda Netflix’da namoyish etilmoqda. Dastlabki to‘rt qism 26-noyabrda chiqdi, navbatdagi uchta epizod 25-dekabrda premyera qilinadi, final esa 31-dekabrga rejalashtirilgan.

Mavsumning birinchi qismi chiqqan dastlabki besh kun ichida 59,6 million marotaba ko‘rilib, Netflix’ning ingliz tilidagi seriallari orasida eng muvaffaqiyatli startga aylandi.

LEGO bundan tashqari yana bir yangi mahsulotni ham tayyorlamoqda: 2026-yil 1-yanvarda F1 filmi asosida 268 detalldan iborat to‘plam taqdim etiladi. Konstruktorda asosiy qahramonlar — Sonni Heys (Bred Pitt) va Joshua Pirs (Damson Idris) minifiguralari hamda poyga avtomobili mavjud bo‘ladi. Narxi $27,99 qilib baholandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pixar «O‘yinchoqlar tarixi 5» multfilmining tizerini taqdim etgani haqida yozgandi.