O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini yanada kengaytirish masalasi muhokama etildi

Shavkat Mirziyoyev Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, Rossiyaning Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Boshqirdiston hamda Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari ishtirok etdi. Suhbat avvalida Denis Manturov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida belgilangan kelishuvlarni qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshirish jarayonini ko‘rib chiqdi.

Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi barqaror oshib borayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar izchil davom etayotgani qayd etildi. Tovar ayirboshlash sur’atini saqlash, ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish hamda hududlar va biznes doiralarida hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Toshkentda o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlari natijalari yuqori baholandi. Shuningdek, Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari axborot texnologiyalari, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga doir aniq rejalarini taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyevga davlat idoralarining aholi bilan kommunikatsiyasini samarali tashkil etish bo‘yicha ishlar haqida axborot taqdim etilgan edi.