Yangiliklar

Pornhub’ning sobiq egasi «Lukoyl» aktivlariga qiziqish bildirdi

Bergmayr AQSh Moliya vazirligiga «Lukoyl» aktivlarini sotib olish imkoniyati bo‘yicha rasmiy murojaat yuborgan
Lukoil
Foto: «Kommersant»

Avstriyalik biznesmen, oldin Pornhub portali aktivlariga egalik qilgan Bernd Bergmayr Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasining xorijdagi aktivlariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bergmayr AQSh Moliya vazirligiga «Lukoyl» aktivlarini sotib olish imkoniyati bo‘yicha rasmiy murojaat yuborgan. Tadbirkor bitimga bo‘lgan qiziqishini tasdiqlagan, biroq muzokaralar tafsilotlarini ochiqlamagan.

«Lukoyl»ning Rossiyadan tashqaridagi faoliyati keng ko‘lamli bo‘lib, kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida neft-gaz konlariga ega, shuningdek, boshqa xorijiy mamlakatlarda ham aktivlar va xalqaro yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini boshqaradi.

Bergmayr avval MindGeek kompaniyasiga egalik qilgan. Ushbu kompaniya tarkibiga Pornhub, RedTube va YouPorn kabi yirik platformalar kirgan. 2023-yilda u kompaniyani Kanadadagi investitsiya firmasiga sotgan, biroq bitim qiymati oshkor etilmagan.

«Lukoyl» aktivlariga ilgari ham qiziqish bildirgan tomonlar bo‘lgan. Xususan, savdo treyderi Gunvor va BAA davlat neft kompaniyasi Adnoc sotib olish variantlarini ko‘rib chiqqan. Adnoc’ni, ayniqsa, O‘zbekistondagi loyihalar qiziqtirgani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leonid Fedun «Lukoil»dagi 10 foiz ulushini sotgani haqida yozgan edi.