Yangiliklar

Qibray tumanidagi issiqxonalarda ekoreyd o‘tkazildi

Komissiya rahbarlari ishtirokida
Qibray tumanidagi issiqxonalar faoliyatiga ekoreyd o‘tkazildi / Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Ekokomissiya Qibray tumanida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etishga qaratilgan reyd tashkil qildi. Unda komissiya rahbarlari qatnashdi, deya xabar bermoqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.

Reyd davomida tuman mas’ullari bilan birgalikda hududdagi issiqxonalar faoliyati o‘rganilib, amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligi tanqidiy muhokama qilindi. Obod mahallasida joylashgan 5 gektar maydondagi issiqxonada to‘qqizta qo‘lda yasalgan qozon va filtrlash uskunalari tekshirildi. Mas’ul shaxslarga ikki kun ichida standartlarga mos filtrlar o‘rnatish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, «Oltin Chinor Agro» MChJga tegishli 2 gektar maydonga ega issiqxona faoliyati ham o‘rganildi. Tadbirkorga chang va gazni tozalash uskunalarini o‘rnatishda amaliy yordam ko‘rsatiladi, mas’ullarga esa faoliyatning ekologik talablarga to‘liq mosligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ekologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan reydlardan birida shaxsan ishtirok etgan edi.