
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Farg‘ona viloyati Quva tumanida agrologistika markazi qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Markaz barpo etilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda videokonferensaloqa orqali Toshkent shahridan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Rossiya Federatsiyasining Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko, shuningdek, investorlar, tuman hokimligi mas’ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur loyiha Farg‘ona va Omsk viloyatlari o‘rtasidagi jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi. U o‘tgan yilda Farg‘ona delegatsiyasining Omsk viloyatiga tashrifi davomida ko‘plab kelishuvlarga erishilgani va bugungi loyiha ana shu muloqotlar samarasini aks ettirishini qayd etdi.
– O‘ylaymanki, bu agrologistika markazi nafaqat Quva uchun ishlaydi, balki Farg‘ona viloyati, Farg‘ona vodiysi uchun xizmat qiladigan katta markazga aylanadi va dehqonlarimiz yetishtirgan barcha meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya bozorlariga va boshqa bozorlarga yetkazib berish uchun juda katta imkoniyat beradi, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

«Energy-land» MChJ tomonidan 15 gektar maydonda barpo etilayotgan majmua yiliga 20 ming tonna quvvatga ega qayta ishlash sexi, umumiy sig‘imi 30 ming tonnali sovutgich omborlari, mehmonxona va qo‘shimcha obyektlarni o‘z ichiga oladi. Loyiha doirasida 500 ta ish o‘rni yaratilishi va yiliga $100 mlnlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. U Farg‘ona meva-sabzavotlari va to‘qimachilik mahsulotlarining Rossiya bozorida yuqori talabga egaligini qayd etib, yangi markaz bu ehtiyojlarni ta’minlashda muhim rol o‘ynashiga ishonch bildirdi.
Tadbir yakunida Xayrullo Bozorov va Vitaliy Xotsenko onlayn tarzda loyiha qurilishiga rasmiy start berib, mevani qayta ishlash va agrologistika markaziga tamal toshi qo‘ydilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Enterprise Uzbekistan nomli raqamli texnologiyalar markazi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.