Yangiliklar

Prezident 30 mln dollarlik infuzion dori ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini koʻzdan kechirdi

Yiliga 70 mlndan ortiq quruq antibiotiklar va 20 mln dona atrofida ko‘z-burun tomchilari ishlab chiqarilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Sirdaryodagi River Med Pharm farmatsevtika korxonasida yiliga 30 mln dona infuzion eritma ishlab chiqariladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi aynan shu korxonadan boshlandi. Loyihaning umumiy qiymati $30 mlndan ortiqni tashkil etadi. Hozirda korxonada 750 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan. Ishlab chiqarish hajmi yiliga 70 turdagi, jami 114 mln dona dori vositalarini tashkil etadi, mahsulot qiymati esa 135 mlrd so‘mga teng. Tayyor mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinmoqda, bu esa korxonaning xalqaro bozorda ham raqobatbardosh ekanini ko‘rsatadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi natijasida ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaydi. Endilikda korxonada yiliga 70 mlndan ortiq quruq antibiotiklar va 20 mln dona atrofida ko‘z-burun tomchilari ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentga korxona mahsulotlari, bozorlar, eksport rejalari va yangi yo‘nalishlar haqida batafsil axborot berildi. Kelgusida ishlab chiqariladigan mahsulot turlari soni 200 xilga yetkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, shisha va plastik idishlardagi inyeksiya eritmalari bilan birga tabletka va kapsulalar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi loyihalar hisobiga ish o‘rinlari soni mingtagacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2026-yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirilishi haqida yozgan edi.