Rossiya Sibir suvini Markaziy Osiyo bilan bo‘lishmaydi — olimlar fikri

eʼlon qilindi
Professor Mixail Bolgovning aytishicha, loyiha nihoyatda qimmat va uni moliyalashtiradigan investorlar yo‘q
Rossiya Sibir suvini Markaziy Osiyo bilan bo‘lishmaydi — olimlar fikri
Rossiya Sibir suvini Markaziy Osiyo bilan bo‘lishmaydi — olimlar fikri / Foto: ijtimoiy tarmoq

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir daryolaridan suvni Markaziy Osiyoga, avvalo, Oʻzbekistonga yetkazish bo‘yicha eski loyihani zamonaviy sharoitda qayta o‘rganishni boshladi. Ammo bir qator taniqli rossiyalik olimlar bu tashabbusning amalga oshmasligini ta’kidladi.

Ularning fikricha, bunga bir qator sabablar bor. Professor Mixail Bolgovning aytishicha, loyiha nihoyatda qimmat va uni moliyalashtiradigan investorlar yo‘q. Bundan tashqari, ekologik va iqtisodiy oqibatlar ham yetarli darajada o‘rganilmagan.

«Menimcha, g‘oya yaqin orada hech qayerga siljimaydi, chunki loyihaga sarmoyadorlar yo‘q. Biz texnik hisob-kitoblarni amalga oshirishimiz mumkin, kimga kerak bo‘lsa, sarmoya kiritsin. Qurishimiz ham mumkin, lekin kim to‘laydi va qanday oqibatlar bo‘ladi – iqtisodiy, ekologik va hokazo», — deydi u.

Loyihaning kelib chiqishi va xarajatlar

Bu g‘oya ilk bor XIX asrda paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng 1970 – 1980-yillarda Sibir daryolarining bir qismini Orol dengizi va Markaziy Osiyo tomonga burish bo‘yicha ulkan kanal qurilishi rejalashtirilgan. Ammo 1986-yilda loyiha iqtisodiy va ekologik xavflar tufayli bekor qilingan.

Hozirda ishlab chiqilayotgan loyiha muhokamasida 2100 km uzunlikdagi quvur orqali yiliga 5,5 kub kilometrgacha suv yetkazish variantlari tilga olinmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, 20 – 70 kub kilometrgacha suv uzatish imkoniyati ham ko‘rilgan. Bunda qurilish qiymati taxminan $100 mlrd bo‘lib, birinchi bosqichni ishga tushirish uchun kamida 10 yil kerak bo‘lishi aytilmoqda.

Ko‘plab olimlar va ekologlar loyiha bo‘yicha ehtiyotkor fikr bildirmoqda. Ular Sibirning gidrologik muvozanati buzilishi, o‘rmonlar va qishloq xo‘jaligi yerlarining suvostida qolishi, baliq zaxiralari va mahalliy xalqlar hayotiga salbiy ta’sir bo‘lishidan xavotirda.

Mutaxassislar fikri

Suv ekologiyasi bo‘yicha ekspert Vladimir Kirillov bugungi geosiyosiy sharoitda bunday mega-loyihani amalga oshirish deyarli imkonsiz ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bu masalada osonlik bilan kelishuvga erisha olmaydi.

«Men realistman va aniq bilamanki, bugungi kunda ushbu mintaqaga aloqador davlatlar kelisha olmaydi. Albatta, hozir Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya hamjihatlikda Ob daryosining xuddi shu oqimini, uning bir qismini qandaydir shunday loyihalar uchun imkoniyatlarini batafsil o‘rganishsa yaxshi bo‘lardi. Ammo bugungi kunda mening taxminim oddiy – bunday loyiha amalga oshmaydi», — deydi Kirillov.

Yana bir qator mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlari avvalo mavjud suvni tejash, sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish va suvni hisobga olishni yaxshilashga e’tibor qaratishi kerak. Tomchilatib sug‘orish, dalalarni lazer bilan tekislash, avtomatlashtirilgan boshqaruv kabi texnologiyalar keng joriy etilsa, suv tanqisligini sezilarli yumshatish mumkin. Shunda Sibir daryolarini burish kabi xavfli va juda qimmat loyihalarga ehtiyoj kamayadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval bu tashabbus «Quruqlik suv resurslari» bo‘yicha ilmiy kengashning oktabr oyidagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgandi. Unda mutaxassislar eng istiqbolli yo‘nalish sifatida Sibir daryosining bir qismini Orolbo‘yiga – O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi qurigan Orol dengiziga yo‘naltirishni qayd etgandi.

Shuningdek