Samsung Exynos’ni noldan yaratish uchun yangi jamoa tuzmoqda

4-dekabr 2025 09:22 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: WCCF Tech

Samsung kompaniyasi Exynos brendini kuchaytirish maqsadida chiplar ishlab chiqish bo‘yicha butunlay yangi jamoa shakllantirmoqda. Mazkur guruh Device Solutions bo‘linmasi tarkibida ishlaydi.

Uning asosiy vazifasi mobil qurilmalar uchun yangi avlod SoC platformalarini noldan ishlab chiqish bo‘ladi. Mazkur tashabbus Samsung kompaniyasining Apple va Qualcomm bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatini kuchaytirishga qaratilgan. Kompaniya tayyor yechimlar asosida chip yig‘ishdan ko‘ra, o‘z texnologik platformasini shakllantirish orqali mustaqil arxitekturaga ega bo‘lishni ko‘zlamoqda.

Bu jarayon avval ham sinab ko‘rilgan. Xususan, Exynos 2500 ustida ishlash uchun alohida Dream Team jamoasi tuzilgan edi. Ammo murakkab texnik muammolar va yuqori talablar sabab bu loyiha kutilgan darajadagi texnologik sakrashni bera olmadi.

Bu safar Samsung butunlay yangi yondashuvni tanladi. Kompaniya CPU yadrolarini to‘liq o‘z arxitekturasi asosida yaratmoqchi. Bu esa firmaga bir vaqtlar foydalanilgan Mongoose yadrolari konsepsiyasiga qaytishni anglatadi. O‘sha vaqtda Samsung ARM’ning standart Cortex yadrolariga bog‘liq bo‘lmasdan, o‘ziga xos CPU yechimlarini ishlab chiqqan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, o‘z arxitekturasini yaratish tayyor Cortex modellaridan foydalanishga nisbatan ancha murakkab, katta vaqt va resurs talab etadi. Shu bois yangi avlod Exynos platformasining ilk namunalarini tez orada ko‘rish kutilmayapti.

Samsung yangi jamoa yordamida chip sohasida mustaqillikni oshirishni, unumdorlik va energiya samaradorligi bo‘yicha Apple A-seriyasi hamda Snapdragon bilan jiddiy raqobat qilishni maqsad qilgan. Kompaniyaning bu rejalari kelgusi yillarda mobil protsessorlar bozorida keskin texnologik raqobatni kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 Ultra to‘q sariq rangda chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek