Yangiliklar

Sirdaryoda xitoyliklar bilan 122 million dollarlik avtomobil ishlab chiqarish loyihasi ishga tushadi

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidan
2026-yili Sirdaryoda xitoyliklar bilan 122 million dollarlik avtomobil loyihasi ishga tushadi
2026-yili Sirdaryoda xitoyliklar bilan 122 million dollarlik avtomobil loyihasi ishga tushadi / Foto: UzAuto Motors

2026-yilda Sirdaryo tumanida Xitoy bilan hamkorlikda $122 millionlik avtomobil ishlab chiqarish loyihasi ishga tushadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Yaqinda Qozog‘iston bilan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Mazkur markaz hududida $300 millionlik 14 ta sanoat korxonasi 2026-yilning birinchi choragi yakunida ish boshlaydi. Shuningdek, $720 millionlik yana 40 ta yangi loyiha joylashtirilishi kutilmoqda.

Davlat rahbari tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidladi. O‘tgan yili tomorqalardan foydalanish, kichik sanoat va servisni rivojlantirish bo‘yicha yangicha tizim Sayxunoboddan boshlangandi. Natijada 13 ming xonadonda daromad bir necha barobarga oshdi. 1,8 ming xonadonda 5–6 sotixli, yana 622 tasida 2–3 sotixli issiqxonalar qurildi.

Bu tashabbuslar yarim yilda 700 ta yangi tadbirkorni ish boshlashiga yordam berdi, 15 ming ishsiz aholiga doimiy daromad manbai yaratildi va 1,5 ming oila kambag‘allikdan chiqdi.

«Qilsa bo‘lar ekan! Mana, eng «og‘ir» tumanlardan biri bo‘lgan Sayxunobodda bugun hayot, odamlarning kayfiyati qanday o‘zgarganiga guvoh bo‘lyapsizlar», — dedi prezident.

Avvalroq Jizzaxda 2026-yildan butlovchi qismlar validatsiyasi xarajatining 50 foizi qoplab berilishi xabar qilingandi. Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda viloyatning respublika avtomobilsozligidagi ulushi hozir 25 foizga yetgani ta’kidlandi. Mirziyoyevga ko‘ra, endi asosiy maqsad korxonalar atrofida qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni pasaytirishdan iborat.