EngineAI kompaniyasi o‘zining yangi gumanoid robotini taqdim etdi

4-dekabr 2025 11:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: HumanoidsDaily

EngineAI kompaniyasi o‘zining yangi T800 gumanoid robotini rasman namoyish qildi. Bu haqda HumanoidsDaily xabar bermoqda.

Avvalroq e’lon qilingan videoda robot eshikni tepib ochishi, havoda aylangan holda zarbalar berishi aks etgandi. Ishlab chiquvchilar videoda kompyuter grafikasi, sun’iy intellekt orqali montaj yoki tezlatish ishlatilmagani, barcha sahnalar real va jonli tarzda suratga olinganini ta’kidlagan.

T800’ning asosiy texnik imkoniyatlari oshkor qilindi. Robot butun tanasi bo‘ylab 29 daraja erkinlikka ega bo‘lib, har bir oyog‘ida 6 tadan, qo‘llarida esa 7 tadan erkin harakat bo‘g‘inlari mavjud. Bo‘g‘imlardagi maksimal aylanish momenti 450 N·m ga yetadi, bu esa robotning sakrash va zarba paytidagi portlovchi kuchini ta’minlaydi. Uning harakat tezligi 3 metr/soniyagacha, ya’ni taxminan 10,8 km/soatni tashkil etadi.

Foto: Videodan ekran tasviri

Hisoblash tizimi jihatidan Pro va Max versiyalari Nvidia Jetson Thor chipida ishlaydi. Ushbu protsessor 2000 TOPS (FP4) unumdorlikni ta’minlab, murakkab sun’iy intellekt vazifalarini real vaqt rejimida bajarish imkonini beradi. T800 Intel RealSense D415/D435i chuqurlik kameralari hamda AC1 sensorlar majmuasi bilan jihozlangan bo‘lib, bu unga fazoni aniq ko‘ra olish va muhitni tahlil qilish imkonini beradi.

Robotning ishlashi 72 voltli tez olinadigan batareya orqali ta’minlanadi. Bir zaryadda u 2 soatdan 4 soatgacha faol harakatlana oladi.

T800 to‘liq o‘lchamli humanoid bo‘lib, uning bo‘yi 1,85 metr, og‘irligi 85 kilogramm. Konstruktsiyada 41 ta bo‘g‘in, alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan himoya qoplamalari va yuqori mustahkam qattiq holatli akkumulyator qo‘llanilgan. Robot murakkab jismoniy harakatlarni bajarish, tadqiqot ishlari va kelajakda xavfli vazifalarda odam o‘rnini bosishi uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ilon Mask odamsimon Optimus robotlari kelajakda qashshoqlikni butkul yo‘q qilishga qodir bo‘lishi haqida fikr bildirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek