Havodagi smogdan bolalarni qanday himoya qilish kerak — pediatr maslahati

4-dekabr 2025 13:50 eʼlon qilindi

Temur Djanzakov

Temur Djanzakov

Muxbir t.jonizoqov@kursiv.media
Foto: Depositphotos

Toshkentda so‘nggi paytlarda Toshkentda havoning ifloslanishi bolalar salomatligiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ota-onalar tomonidan farzandlarida yo‘tal, holsizlik va asabiylik holatlari ko‘payganidan tez-tez shikoyat qilmoqda. Pediatr Kamola Po‘latova Kursiv Uzbekistan nashriga ifloslangan havoning bolalarga ta’siri hamda qaysi belgilarga birinchi navbatda e’tibor qaratish lozimligi haqida so‘zlab berdi.

Ifloslangan havo bolalar salomatligiga qanday ta’sir qiladi?

Ifloslangan havoning uzoq muddatli ta’siri kattalarga qaraganda bolalarga ancha kuchliroq seziladi. Smog shilliq pardalarning muntazam ta’sirlanishiga sabab bo‘ladi va immunitetni pasaytiradi. Buning oqibatida bolalar respirator infeksiyalar bilan tez-tez kasallanadi.

Ayrim bolalarda o‘pka funksiyasi pasayishi, diqqatni jamlash va umumiy ahvol yomonlashishi mumkin. Allergiyaga moyil va astmasi bor bolalarda deyarli har doim kasallikning qo‘zg‘alishi kuzatiladi. Shuni yodda tutish kerakki, bolalar kattalarga qaraganda tez-tez nafas oladi, shuning uchun ular ifloslangan havoning katta dozasini qabul qiladi.

Havo ifloslanishiga qanday bolalar eng ta’sirchan?

Iflos havoga besh yoshgacha bo‘lgan bolalar kuchli reaksiya bildiradi. Ularning nafas yo‘llari tor va o‘ta sezgir bo‘lgani bois, ular tezroq reaksiya beradi.

Shuningdek, bronxial astma, allergiya, tez-tez takrorlanuvchi bronxitlar bilan og‘rigan bolalar, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar hamda o‘pka va yurak surunkali kasalliklari bor bolalarga alohida e’tibor berish kerak.

Qanday belgilarga birinchi navbatda e’tibor qaratish kerak?

Ota-onalar yo‘talning kuchayishi, tez-tez quruq yo‘tal, hushtaksimon nafas olish yoki nafas qisishi (hansirash), ko‘zlarning qizarishi va yoshlanishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik hamda ishtaha pasayishi kabi belgilardan boxabar bo‘lishlari kerak.

Allergiyaga moyil va astmasi bor bolalarda smog vaqtida odatdagi alomatlar, burun oqishi, aksirish, burun bitishi, yo‘tal xurujlari kuchayadi. Smog yig‘ilib boruvchi ta’sirga ega, shuning uchun «o‘zi o‘tib ketar» deb kutish yaramaydi.

Bugun bola bilan ko‘chaga chiqish mumkinligini qanday bilsa bo‘ladi?

Men havo sifati indeksiga (AQI) qarashni maslahat beraman. 50 gacha havo xavfsiz. 50 dan 100 gacha sayr qilish mumkin, ammo faol o‘yinlarsiz. Agar ko‘rsatkich 100 dan oshsa, ayniqsa, kichik yoshdagi yoki allergiyasi bor bolalar uchun sayrni cheklash zarur. 150 va undan yuqori bo‘lganda ko‘chada o‘tkaziladigan vaqtini minimallashtirish kerak. Agar daraja 200 dan oshsa, imkon qadar uyda qolgan ma’qul.

Sayr davomiyligi ham AQI’ga bog‘liq. Ko‘rsatkich 100 atrofida bo‘lganda, bir soatgacha xotirjam sayr qilish mumkin. 150–200 darajada ko‘chaga qisqa muddatga chiqish kerak. Masalan, bolani bog‘cha yoki maktabga olib borish uchun. 200 dan yuqori darajalarda men sayrlardan butunlay voz kechishni maslahat beraman.

Shaharda sayr uchun eng xavfsiz vaqt qachon?

Shaharda havo sifati kun davomida bir xil bo‘lmaydi va buni inobatga olish zarur. Odatda ertalab, taxminan soat yettidan o‘ngacha havo sezilarli darajada toza bo‘ladi.

Nisbatan qulay bo‘lgan ikkinchi vaqt — kechki payt, soat sakkizdan keyin. Eng «zararli» soatlar bu kunning o‘rtasi va transport harakati tig‘iz bo‘lgan vaqtlar. Aynan shu soatlarda bolalar bilan sayrga chiqishni tavsiya etmayman.

Havo ifloslangan vaqtida bolalar ko‘chada sport bilan shug‘ullanishi mumkinmi?

Ifloslangan havo davrida jismoniy zo‘riqish nafas olish tezligini oshiradi va mos ravishda zararli zarrachalarning nafas yo‘llariga kirishini ko‘paytiradi. AQI 100 dan yuqori bo‘lganda bolalarga ko‘chada faol sport bilan shug‘ullanishni maslahat bermayman. Agar ko‘rsatkichlar undan ham baland bo‘lsa, har qanday mashg‘ulotlarni xonaga ko‘chirgan ma’qul.

Bolalar niqob taqishi kerakmi va qanday niqob tanlagan ma’qul?

Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga niqob taqish mumkin emas. Bu nafas olish uchun xavfli. Taxminan uch-to‘rt yoshdan boshlab bolaga o‘z o‘lchamidagi KN95 yoki N95 niqoblaridan foydalanish mumkin. Ular PM2,5 zarrachalarini ushlab qoldi.

Afsuski, oddiy tibbiyot niqoblari mayda zarrachalardan deyarli himoya qilmaydi, shuning uchun ularni taqish shart emas.

Iflos havoning zararini qanday kamaytirish mumkin va allergiya holatida nima qilish kerak?

Agar sayr cheklangan bo‘lsa, uydagi muhitni to‘g‘ri tashkil etish muhim. Xonani havo sifati yaxshilangan vaqtlardagina shamollatgan ma’qul. Odatda ertalab yoki kechqurun.

HEPA-filtrli havo tozalagichlar ifloslantiruvchi zarrachalar sonini sezilarli darajada kamaytiradi.

Uydagi namlik darajasi 40–60 foiz oralig‘ida saqlanishi kerak.

Uyni nam latta bilan tozalash chang miqdorini kamaytirishga yordam beradi, yetarli miqdorda suyuqlik ichish esa nafas yo‘llari faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

​Smog haqiqatan ham allergiya va yo‘talni kuchaytiradi. Burunni tuzli eritma bilan muntazam yuvish yordam beradi.

Agar bola shifokor tayinlagan antigistamin (allergiya qarshi) preparatlarni qabul qilsa yoki ingalyatorlardan foydalansa, davolash sxemasini buzmaslik juda muhim.

Qachon zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak?

​Darhol harakat qilish kerak bo‘lgan belgilar mavjud: kuchli hansirash, nafas olishning qiyinlashishi, xirillashlar, qovurg‘alar orasining ichga tortilishi, lablar yoki tirnoqlarning ko‘karishi.

​Shuningdek, yuqori tana harorati, holsizlik va suyuqlik ichishdan bosh tortish ham xavotirli belgilardir. Bunday hollarda zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

​Smogli kunlarida bolaning yaxshi uxlashi, yetarli miqdorda suv ichishi, ota-onalar esa AQI darajasini kuzatib, kun tartibini havo sifatiga moslashtirishlari muhim.

Shuningdek