YI 2027-yilgacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Yevropa Ittifoqi 2027-yil oxiriga qadar Rossiya tabiiy gazi importini bosqichma-bosqich to‘xtatishga kelishib oldi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Kelishuvga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi suyultirilgan tabiiy gaz importini 2026-yil oxirigacha, quvur orqali keladigan gazni esa 2027-yil sentabr oyi yakuniga qadar to‘xtatadi. Bu qaror Yevrokomissiyaning iyun oyida kiritgan takliflari asosida qabul qilindi.
«Bugun biz ushbu importni butunlay to‘xtatmoqdamiz», — dedi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Putinning «urush g‘aznasi»ni qisqartirishga va Ukraina bilan birdamlikni namoyish etishga xizmat qiladi.
Uzoq muddatli shartnomalar uchun so‘nggi muddatlar mos ravishda 2027-yil boshi va 2026-yil oktabr etib belgilangan. Gaz zaxiralarini to‘ldirishda qiyinchilikka duch kelgan a’zo davlatlarga istisno tariqasida bir oylik muddat uzaytirilishi mumkin.
Oktabr oyi holatiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi gaz importining 12 foizini Rossiya tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Ukraina bilan urushdan oldin 45 foiz edi. Vengriya, Fransiya va Belgiya hamon Rossiya gazini qabul qilayotgan davlatlar qatorida qolmoqda.
Shuningdek, Yevrokomissiya 2027-yil oxirigacha qolgan neft importini ham to‘xtatish majburiyatini olgan va bu bo‘yicha qonun loyihasi kelasi yil boshida taqdim etiladi. A’zo davlatlar 1-martga qadar komissiyaga neft va gaz ta’minotini diversifikatsiya qilish bo‘yicha milliy rejalarini topshirishlari shart.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi 2035-yildan benzin va dizel avtomobillariga qo‘yiladigan taqiqni yumshatishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.