2026-yilda Sirdaryo viloyatida 40 ta yangi loyiha amalga oshiriladi

eʼlon qilindi
Qozog‘iston bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ish boshlaydi
2026-yilda Sirdaryo viloyatida 40 ta yangi loyiha amalga oshiriladi / Foto: President.uz

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. U yig‘ilishda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va amalga oshirilgan islohotlarni alohida ta’kidladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Sanoat va investitsiyalar

So‘nggi sakkiz yilda Sirdaryo viloyatiga $4 mlrd investitsiya kiritilib, 187 ta yirik korxona ishga tushirildi va 120 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Sanoat hajmi 4 trln so‘mdan 25 trln so‘mga yetdi, 50 ga yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.

Foto: President.uz

Yirik loyihalar va xalqaro hamkorlik

Kelgusi yilda Sirdaryo tumanida xitoylik sheriklar bilan $122 mlnlik avtomobilsozlik loyihasi ishga tushiriladi. Qozog‘iston bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyat boshlaydi. Bu markazda 14 ta sanoat korxonasi $300 mln qiymatida ish boshlashi, 2026-yilda esa 40 ta yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy infratuzilma va aholi farovonligi

Sessiyada bog‘cha, maktab, shifoxona va sport-madaniyat maskanlarini rivojlantirish ishlari ham muhokama qilindi. Joriy yil davomida $100 mln resurs yo‘naltirilib, 47 ta maktab, 45 ta bolalar bog‘chasi, 31 ta tibbiyot muassasasi va 5 ta sport-madaniyat maskani modernizatsiyalandi.

Foto: President.uz

Hokim lavozimi va vazifalar

Sessiyada Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Davlat rahbari unga viloyatni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi, jumladan, kelgusi yillarda $3 mlrd investitsiya jalb qilish, eksport hajmini $500 mlnga yetkazish va 185 ming aholini ish bilan ta’minlash.

Tadbirkorlik va sanoat zonalari

Viloyatda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xitoylik investorlar bilan 31 ta korxona ishga tushirilib, 5 ming nafar yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi. Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududi 1080 gektargacha kengaytirildi, viloyat va tuman hokimlariga loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: President.uz

Qishloq xo‘jaligi va infratuzilma loyihalari

Boyovut tumanida 100 mln kub metr sig‘imli «Sultonhovuz» suv ombori qurilishi boshlanadi, bu orqali viloyatning 110 ming gektar ekin yerida yiliga ikki marta hosil olish imkoniyati yaratiladi. Yo‘l va transport infratuzilmasi modernizatsiyasi bo‘yicha 67 km yo‘l sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi, A-373 yo‘lining 37 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi.

Favqulodda vaziyat va yordam

Guliston shahrida bo‘lgan gaz portlashi natijasida 29 nafar fuqaro jarohat oldi va qurbonlar ham bo‘ldi. Prezident halok bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan moddiy yordam berilishini topshirdi.

Foto: President.uz

Sessiya yakunida davlat rahbari viloyatni yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarning hayotini yengillashtirish bo‘yicha reja va vazifalarni belgiladi. Mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Prezident Sirdaryodagi safarini yakunlab, Toshkentga qaytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aglomeratsiyasini rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek