
Bugun Vashington shahridagi Kennedi markazida Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu tadbirda ishtirok etish uchun AQShga yetib bordi. Delegatsiya tarkibidan O‘FA rahbariyati, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda o‘zbek futbolining tirik afsonasi Mirjalol Qosimov o‘rin olgan.

Jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi, ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarayotgan Fabio Kannavaro qur’a oldidan o‘zining fikrlarini bildirdi. Murabbiy jamoaning ruhiy holati va kutilayotgan raqiblar haqida gapirar ekan, shunday dedi:
«Albatta qur’adan oldin barchamiz hayajondamiz. Jamoalarni kutyapmiz, hozircha bilmaymiz. Umid qilamanki, qur’a O‘zbekiston uchun qulay bo‘ladi».
Delegatsiyasi tarkibida FIFA tomonidan taklif qilingan Mirjalol Qosimov ham bor. Mutaxassis 2008 – 2010 va 2012 – 2015-yillarda O‘zekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilib, jami 56 ta o‘yinda jamoani boshqargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston «JCh – 2026» qur’asida uchinchi savatdan joy olgani haqida xabar bergan edi.