Avto

Chevrolet Damas tez eskirmasligi uchun nima qilish kerak

Quyida aynan O‘zbekiston sharoitida Damas’ning muddatini uzaytirishga yordam beradigan tavsiyalar jamlandi
Foto: OLX

Chevrolet Damas O‘zbekistonda eng ko‘p uchraydigan yengil tijorat avtomobillaridan biri. Arzonligi, ixchamligi va ko‘p maqsadli qo‘llanishi sabab u shahar ichida ham, qishloq yo‘llarida ham juda ommabop. Tuzilishi oddiy, ta’miri nisbatan arzon, ehtiyot qismlari ko‘p. Quyida aynan O‘zbekiston sharoitida Damas’ning muddatini uzaytirishga yordam beradigan tavsiyalar jamlandi.

Mundarija:

Muntazam texnik xizmat

Avtomobil uzoq xizmat qilishi uchun birinchi shart – muntazam texnik xizmat. Damas uchun texnik xizmatning o‘rtacha oralig‘i odatda har 8–10 ming kilometr yoki kamida yiliga bir marta. Shu muddatlarda dvigatel moyi, moy filtri va havo filtri almashtirilishi kerak. Agar mashina doimiy yuk bilan yursa yoki changli yo‘llarda ishlasa, bu intervalni qisqartirish maqsadga muvofiq.

Foto: OLX

Texnik xizmat paytida dvigatel moyi, filtrlar, tormoz suyuqligi, shamlar va boshqa muhim detallar tekshirilib turishi lozim. Vaqtida moy almashtirilmasa, u o‘z xossasini yo‘qotadi, silliq yuzalarga yetarlicha yog‘lanish bormaydi.

Shu bois oddiy qoidani yodda tutgan ma’qul: arzon profilaktika qimmat ta’mirdan yaxshiroq. O‘z vaqtida o‘tkazilgan texnik ko‘riklar hatto og‘ir iqlim sharoitida ham Damas’ga tushadigan zararni sezilarli darajada kamaytiradi.

To‘g‘ri yonilg‘i va mos motor moyi tanlash

Damas dvigatelining umrini uzaytirishda yonilg‘i va moy tanlovi ham katta rol o‘ynaydi. Ishlab chiqaruvchi ushbu modelga kamida AI-91 markali sifatli benzin quyishni tavsiya etadi. Oktan soni past benzin detonatsiya keltirib chiqarishi, piston va klapanlarga zarar yetkazishi mumkin.

Foto: OLX

Ko‘plab haydovchilar Damas’ni metan gazida ham yurgizadi. Bu tejamkor, lekin alohida e’tibor talab qiladigan variant. Gaz ballon uskunasini faqat sertifikatlangan ustaxonalarda o‘rnatish, reduktor, klapanlar, shamlar va havo filtriga muntazam qarash zarur. Sovuq kunlarda mashinani avval benzinda ishga tushirib, dvigatel qizigach gazga o‘tkazish ma’qul.

Motor moyi faslga va foydalanish sharoitiga mos bo‘lishi kerak. Yozda ko‘pincha 10W-40 yoki 15W-40 yarim sintetik moy yetarli, chunki ular yuqori haroratda barqaror bo‘ladi. Qishda esa 5W-30 kabi suyuqroq sintetik moy dvigatelni osonroq ishga tushirishga yordam beradi. Eng muhimi, moyni ko‘rsatilgan muddatda almashtirish va darajasini muntazam tekshirib turishdir.

Uzatmalar qutisi moyi ham unutilmasin. Odatda u har 40–50 ming kilometrda yangilanadi. Shuningdek, har mavsum boshida sovutish tizimidagi antifriz va tormoz suyuqligi darajasini tekshirish foydali.

O‘zbekiston iqlimi uchun profilaktika

Bizning iqlim mashinani tez eskirishga majbur qiladigan bir nechta omilni birlashtiradi: jazirama yoz, sovuq qish va chang-to‘zon. Shu sababli Damas egasi sifatida ba’zi qo‘shimcha choralarni odat qilish zarur.

Foto: OLX

Yozda dvigatelni qizib ketishdan asrash birinchi o‘rinda turadi. Radiatordagi antifriz darajasi va sifati doim nazoratda bo‘lsin. Antifriz faqat qishda muzlashga emas, yozda qaynashga ham qarshi xizmat qiladi, dvigatel ichida zang va cho‘kindilarni kamaytiradi. Har 2 yilda sovitish tizimini tozalab, antifrizni to‘liq yangilash maqsadga muvofiq. Radiator panasini tashqi chang va hasharotlardan tozalash ham sovitish samaradorligini oshiradi.

Qishda esa aksincha, muzlash xavfi kuchli bo‘ladi. Antifrizning muzlash harorati kamida -25…-30 daraja atrofida bo‘lishi kerak. Akkumulyator sovuqda quvvatini tez yo‘qotadi, shuning uchun qishdan oldin uning holatini tekshirtirish, kerak bo‘lsa almashtirish yoki to‘liq quvvatlash zarur. Dvigatelni ishga tushirgach, uni uzoq joyida qizdirib turish shart emas. Bir necha daqiqa tinch ishlashi yetarli, shundan so‘ng sekin harakatga tushgan ma’qul.

Dvigatel, karobka va osma qismlariga to‘g‘ri munosabat

Damas konstruksiyasi oddiy va ishonchli, lekin asosiy agregatlar baribir ehtiyotkor muomalani talab qiladi.

Foto: OLX

Dvigatelni hech qachon yog‘siz yoki juda eskirgan moy bilan haydamang. Sovuq motorga darrov baland aylanish berish ham zararli. Ertalab ishga tushirgach, qishda 1–2 daqiqa, yozda esa yarim daqiqa atrofida yumshoq ishlashiga yo‘l bering, so‘ng dastlabki kilometrlarni muloyim tezlikda bosib o‘ting. Bu odat nafaqat dvigatel, balki karobka va boshqa detallar uchun ham foydali.

Damas’dagi mexanik uzatmalar qutisi to‘g‘ri haydashni yaxshi ko‘radi. Mufta pedalini to‘liq bosmasdan uzatma almashtirish, pedalga oyog‘ingizni doim tirab yurish g‘ildiraklarni tez yediradi. Karobka moyi muddatini ham nazardan qochirmang. Agar uzatmalar qiyin o‘tsa yoki odatiy bo‘lmagan shovqin paydo bo‘lsa, ustaga murojaat qilishni kechiktirmang.

Osma qismlari ham alohida e’tiborga loyiq. Damas orqa ressorli osmaga ega. Bu konstruksiya mustahkam, lekin doimiy og‘ir yuk va chuqurlarga yuqori tezlikda kirish ressorlar va amortizatorlarni tez charchatadi. Mashina yo‘lda haddan tashqari sakray boshlasa yoki amortizatorda moy izi ko‘rinsa, ularni almashtirish vaqti kelgan bo‘ladi. Qulay yurish va xavfsiz tormozlanish aynan shularning sog‘ligiga bog‘liq.

Yuk tashishda me’yorni saqlash

Damas ko‘rinishiga qaraganda ancha ko‘p yuk ko‘taradi. Shuning uchun ko‘pchilik uni mayda yuk mashinasi sifatida ishlatadi. Lekin texnik me’yorni unutmaslik kerak. Zavod ko‘rsatmalari bo‘yicha Damas’ning ruxsat etilgan maksimal yuk ko‘tarishi taxminan 450 kilogramm atrofida.

Foto: OLX

Mashinani muntazam ravishda bundan og‘ir yuk bilan haydash dvigatel, karobka, ressorlar va tormoz tizimini ancha tez eskirishiga olib keladi. Og‘ir yuk bilan tormoz yo‘li uzayadi, balandlikka chiqishda dvigatelga tushadigan yuk ortadi, ressorlar esa tezroq «cho‘kadi». Uzoq safarlardan so‘ng bunday yuklangan rejimdan keyin texnik xizmatni muddatidan oldinroq qilish maqsadga muvofiq.

Kuzovni zangdan asrash

Bizning sharoitda kuzovning asosiy dushmani – korroziya. Namlik, qishda yo‘lga sepiladigan reagentlar, yozda esa quyosh va chang birgalikda bo‘yoq qatlamini yemiradi.

Foto: OLX

Avvalo, bo‘yoq va lak qatlami butunligiga qarash zarur. Kichik tirnalish yoki metall ochilgan joyni uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirmang. Bunday joyda zang tez boshlanadi va asta-sekin kengayadi. Tag qism, g‘ildirak arkalarini va pastki panellarni vaqti-vaqti bilan ko‘zdan kechiring, kerak bo‘lsa antikorroziya qoplamalarini yangilang.

Mashina gigiyenasi ham muhim. Qor va loydan keyin avtomobilni imkon qadar tezroq yuvib turing. Tuzi ko‘p suv g‘ildiraklar, tag qism va qanotlar ostida yig‘iladi. Yozda doimiy chang bo‘yoqni tirnashi mumkin, shuning uchun kuzovga mum surtish va mashinani usti yopiq joyda saqlash foydali.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida yozgan edi.