Yangiliklar

Eurovision-2026: Isroil ishtiroki sababli to‘rt davlat tanlovni boykot qildi

Irlandiya, Ispaniya, Sloveniya va Niderlandiya mutasaddilarning Isroilni chetlatmaslik haqidagi qaroriga norozilik bildirdi
Foto: France 24

Isroilga 2026-yilgi Eurovision musiqiy tanlovida qatnashishga ruxsat berilgach Irlandiya, Ispaniya, Sloveniya va Niderlandiya musobaqani boykot qilishini e’lon qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Jenevada bo‘lib o‘tgan Yevropa teleradio ittifoqi (EBU) Bosh assambleyasida Isroilning ishtiroki bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilmadi. Ittifoqning bayonotiga ko‘ra, a’zolarning katta qismi Isroil ishtiroki bo‘yicha qo‘shimcha ovoz berishga hojat yo‘q deb hisoblagan. Delegatlarning 65 foizi o‘zgarishlarni yoqlagan va Isroil masalasini muhokama qilmaslikni tanlagan, 23 foizi qarshi chiqqan, 10 foizi esa betaraf qolgan.

Foto: The Guardian

Boykot e’lon qilgan davlatlar ushbu qarorni G‘azo sektoridagi vaziyat bilan izohladi. Ispaniyaning RTVE teleradiokompaniyasi va Irlandiyaning RTVE telekanali tanlovni translatsiya qilmasligini aytdi.

«G‘azodagi qurbonlar va ko‘plab tinch aholining hayotini xavf ostiga qo‘yishda davom etayotgan gumanitar inqirozni hisobga olsak, Isroilning ishtiroki vijdonga to‘g‘ri kelmaydi», – deyiladi RTVE bayonotida.

Isroil prezidenti Isak Gerson qarorni olqishlab, Isroil «dunyoning har bir sahnasida vakillik qilishga haqli» ekanini aytdi. Ma’lumot uchun, Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Eurovision tanlovidan chetlatilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil armiyasining sobiq bosh yuristi maxfiy video mojarosi bo‘yicha hibsga olingani haqida xabar bergan edi.