
Ichki ishlar vazirligi Gulistondagi oshxonalardan birida gaz balloni portlashi yuzasidan uch nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olinganini ma’lum qildi.
Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 2-dekabr kuni Bek Family Cafe’da noto‘g‘ri o‘rnatilgan gaz balloni sabab portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 29 kishi jarohat olgan, uch kishi vafot etgan. Shifokorlarning aytishicha, jabrlanganlardan birining ahvoli juda og‘ir.
«Hozirda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 4-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi doirasida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga borib, jabrlanganlar holidan xabar olgandi. Shuningdek, ularning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Bundan tashqari, prezident mutasaddilarga halok bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan moddiy yordam berishni topshirdi.