Yangiliklar

Kechga nima ovqat: bozor xonimni uy sharoitida qanday tayyorlash mumkin

Kursiv Uzbekistan retsepti bilan uy sharoitida tayyorlangan bozor xonim bozordagidan ham yanada lazzatli bo‘ladi
Foto: depositphotos.com

O‘zbek milliy taomlari orasida bozorlarda tayyorlanadigan mashhur «Bozor xonim» alohida o‘rin tutadi. Mazali kartoshka va piyozdan tayyorlanadigan qiyma, yupqa yoyilgan xamir, bug‘da pishirilgan yumshoqlik — bularning barchasi uni ko‘pchilikning sevimli taomiga aylantirgan.

Kursiv Uzbekistan retsepti bilan uy sharoitida tayyorlangan bozor xonim bozordagidan ham yanada lazzatli bo‘ladi. Asosiy sir — xamirning yumshoqligi, asosning to‘g‘ri balansi va eng muhimi, pomidorli qaylaning ta’mi.

  1. Xamir uchun
MahsulotMiqdor
Un700 g
Iliq suv230–250 ml
Tuz1,5 choy qoshiq
O‘simlik yog‘i2 osh qoshiq

2. Asos uchun

MahsulotMiqdor
Kartoshka1 kg
Piyoz2–3 dona
Zira1 choy qoshiq
Tuz va murchTa’bga ko‘ra
O‘simlik yog‘i20 ml

3. Qayla uchun

MahsulotMiqdor
Pomidor2 dona
Piyoz2 dona
Qizil bulg‘or qalampiri1 dona
Pomidor pastasi1 osh qoshiq
SuvTa’bga ko‘ra

Tayyorlash bosqichlari

1. Xamirni tayyorlash: Un, tuz, o‘simlik yog‘i va iliq suvdan o‘rtacha qattiqlikdagi xamir qoriladi. U 15–20 daqiqa dam olishi uchun yopib qo‘yiladi. Xamir tindirilganda elastiklashib, yoyishga yengil bo‘ladi.

2. Asosni tayyorlash: Kartoshka juda yupqa somoncha shaklida to‘g‘raladi. Piyoz mayda kub shaklida kesiladi. Hammasi bir idishda aralashtiriladi, tuz, murch, zira va o‘simlik yog‘i qo‘shiladi. Aralashma bir xil bo‘lishi uchun yaxshilab aralashtirib olinadi.

:3. Xamirni yoyish va kesish: Tindirilgan xamir yupqa qilib yoyiladi. Keyin esa to‘rtburchak shakllarda kesib chiqiladi — xonim shakllanishi uchun qulay bo‘ladi.

4. Xonimlarni tugish: Har bir kesilgan xamir bo‘lagining o‘rtasiga asosdan solinadi va chetlari yopishtiriladi. Juda qalin bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang — bug‘da pishganda xamir ko‘tariladi.

5. Mantiqosqonga joylash: Mantiqosqon yog‘ bilan yengil surtib chiqiladi. Xonimlar bir-biriga tegmaydigan qilib joylashtiriladi. Xohlaganlar uchun ikki qavat qilib terish ham mumkin: har qavat usti biroz yog‘lanadi. Mantiqosqon gazga qo‘yilib, 30 daqiqa davomida pishiriladi.

6. Qayla tayyorlash: Piyoz yog‘da qizarguncha qovuriladi. Blenderda pomidor, bulg‘or qalampiri va sarimsoqpiyoz maydalab olinadi. Avval pomidor pastasi piyozga solinadi, 2 daqiqadan keyin esa pomidorli aralashma qo‘shiladi. Aralashma 10 daqiqa davomida past olovda qaynaydi. Agar quyuq bo‘lsa, ozgina suv qo‘shish mumkin.

7. Xonimlarni aralashtirish: Pishgan xonimlar tog‘orachaga teriladi. Har bir qavat ustidan qayla quyiladi — taom aynan shu bosqichda lazzatni o‘ziga singdiradi.

8. Dam berish: Xonimlarning usti yopilib, 30 daqiqa chetga qo‘yiladi. Bu vaqtda u qaylani o‘ziga shimib, yanada yumshoq va shirador bo‘ladi.

9. Dasturxonga tortish: Taom likopchalarga solinadi, ustiga mayda to‘g‘ralgan piyoz va ukrop sepiladi. Issiq holda tortiladi.

Yoqimli ishtaha!