Yangiliklar

Maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘ldi

Ta’til muddati 14 kun
maktab
Maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘ldi / Foto: Xalqtalimi info

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Bunda boshlang‘ich sinflar (1 – 4-sinflar) uchun ta’til bir kun oldin, ya’ni 27-dekabr, shanba kuni start oladi. Ta’til muddati 14 kun bo‘lib, 2026-yil 10-yanvargacha davom etadi.

Shu bilan birga, 11-yanvar yakshanbaga to‘g‘ri kelgani sababli, maktablarda III chorak darslari 2026-yil 12-yanvardan boshlanadi.

Avvalroq ta’lim muassasalarida xavfsizlikni kuchaytiruvchi «Xavfsiz ta’lim» konsepsiyasi joriy etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, maktablar, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy ta’lim muassasalari filiallarining xavfsizligi jismoniy va texnik qo‘riqlash tizimlari orqali ta’minlanadi. Qo‘riqlash departamenti shartnoma asosida ta’lim obyektlariga qo‘riqlash signalizatsiyasi, «tashvish tugmasi» tizimlari, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatadi va ularga xizmat ko‘rsatadi.