
Motorola kompaniyasi Motorola Edge 70 smartfonining maxsus dizayndagi yangi talqinini namoyish etdi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Qurilma Pantone’ning 2026-yil rangi sifatida tanlangan Cloud Dancer oq tusida ishlangan bo‘lib, orqa paneli Swarovski kristallari bilan bezatilgan.
Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, ushbu versiya texnik jihatdan yangilanmagan va barcha o‘zgarishlar faqat tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq.
Maxsus versiya Brilliant Collection kolleksiyasiga kiradi. Bu loyiha doirasida Motorola turli materiallar va dizayn yechimlari bilan tajriba o‘tkazib kelmoqda.

Texnik ko‘rsatkichlari esa o‘zgarishsiz qolgan. Smartfon 50 MP kameraga, tanish displeyga, Moto AI sun’iy intellekt funksiyalariga va oddiy Edge 70 bilan bir xil apparat xususiyatlariga ega.
Narxi va aniq sotuv boshlanish sanasi hozircha oshkor etilmagan. Motorola ma’lum qilishicha, ushbu maxsus versiya faqat ayrim mintaqalarda sotuvga chiqariladi. Batafsil ma’lumotlar savdo boshlanishiga yaqin e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Motorola Edge 70 Ultra dizayni ilk marta namoyish etilgani haqida yozgan edi.