Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic turnirida chempion bo‘ldi

5-dekabr 2025 11:03 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: uzchess

Angliyaning London shahrida bo‘lib o‘tgan London Chess Classic turnirida Nodirbek Abdusattorov muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Musobaqada Abdusattorov 8 imkoniyatdan 7 ochko to‘plab, eng yaqin ta’qibchisi Alirizo Firuzjani (5 ochko) ortda qoldirgan holda turnir yakuniga bir tur qolganda chempionlik masalasini hal qildi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni ( 796 mln so‘m) tashkil etadi. Grossmeyster so‘nggi, 9-turda Pavel Elyanovga qarshi dona suradi.

Turnir davomida Abdusattorov umuman mag‘lubiyatga uchramadi. U AQSh vakili Mishra Abhimanyu, rossiyalik Nikita Vityugov, britaniyaliklar Maykl Adams va Lyuk Maksheyn, gretsiyalik Nikolas Teodoru hamda AQSh chempioni Sem Shenklend ustidan g‘alaba qozondi. Faqatgina Alirizo Firuzja bilan bo‘lib o‘tgan bahsda durang natija qayd etildi.

Ushbu g‘alaba o‘zbekistonlik shaxmatchining xalqaro reytingiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Abdusattorov o‘z ko‘rsatkichini 20 ochkoga yaxshilab, dunyo reytingida 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindorov FIDE reytingida 3 pog‘ona ko‘tarilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek