Noyabrda BYD savdosi pasaydi, kompaniya yangi texnologiyalar joriy etilishini aytdi

5-dekabr 2025 15:50 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Noyabrda BYD savdosi pasaydi, kompaniya yangi texnologiyalar joriy etilishini aytdi
Noyabrda BYD savdosi pasaydi, kompaniya yangi texnologiyalar joriy etilishini aytdi / Foto: Bloomberg

Noyabr oyida BYD 480 mingdan ortiq avtomobil sotdi, bu joriy yilning eng yuqori ko‘rsatkichi. Ammo o‘tgan yilga nisbatan savdo 5,25 foizga kamaydi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.

Shunga qaramay, yanvar–noyabr oylarida kompaniya umumiy 4,18 mln avtomobil yetkazib bergan, bu 2024-yilga nisbatan 11,3 foiz o‘sishni bildiradi.

BYD prezidenti Van Chuanfu savdo pasayishini texnologiya va mahsulot yangilanishlaridagi tabiiy sikllar, kompaniyaning texnologik ustunligining biroz kamayishi hamda bozorning umumiy bir xillashuvi bilan izohladi.

Shuningdek, u sovuq ob-havoda zaryadlash sekinlashuvi kabi iste’molchilar e’tirozlari hamon dolzarbligini ta’kidladi. Van yaqin kelajakda kompaniya yangi texnologiyalarni taqdim etishini aytdi, lekin tafsilot bermadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya keyingi ikki-uch yil ichida elektrlashtirish va aqlli avtomobil texnologiyalariga ko‘proq sarmoya kiritadi. Shu billan birga, u BYD so‘nggi yillarda bozor qulayligi sabab marketingda sustlikka yo‘l qo‘yganini ham tan oldi. Shu bois marketing va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari kuchaytiriladi.

Noyabr oyidagi pasayishga qaramay, BYD 2025-yil bo‘yicha eng yuqori oylik hajmni saqlab qoldi. Ammo ichki savdolardagi sekinlashuv sabab, kompaniya global 2025-yilgi rejani 5,5 milliondan 4,6 millionga tushirdi.

Avvalroq BYD Dolphin elektromobili 1 mln donadan ko‘proq sotilgani xabar qilingandi. Model bu natijaga eng tez erishgan avtomobil sifatida qayd etildi. Model ilk bor 2021-yil avgustda taqdim etilgan. U Ocean seriyasining birinchi avtomobili hisoblanadi.

Shuningdek