O‘zbekiston 2035-yilgacha zararli gazlar chiqindisini 50% ga qisqartiradi

O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2035-yilgacha zararli gazlar chiqindisini 50% ga qisqartiradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev energetikaga oid marosimda ma’lum qildi.
Ushbu yo‘nalishda Jahon banki bilan hamkorlikda dunyodagi ilk innovatsion «ICRAFT» loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida O‘zbekiston tomonidan qisqartirilgan 23 mln tonna issiqxona gazi xalqaro darajada hisobga olindi.
Joriy yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi «yashil» energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yil davomida ushbu tizimga qo‘shiladigan korxonalar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezident qo‘shni mamlakatlar bilan yagona energetika bozorini shakllantirish borasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganini ta’kidladi. Xususan, mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va uni birgalikda boshqarish maqsadida 2026-yildan Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan «Qambar-ota GES-1» loyihasini moliyalashtirish jarayoniga kirishiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri noyabrda 133 mlrd so‘mlik energiya resurslari noqonuniy foydalanilgani haqida yozgan edi.