
O‘zbekistonda $11 milliardlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushirildi, yana 21 ta yirik loyiha qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida hududlarda jami 3,5 ming megavatt quvvatga ega 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiyalar foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Ular to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 15 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada 2026-yilda «yashil» energiya hajmi 23 mlrd kVt-soatga yetadi.
«E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir», – dedi prezident.
Bunda «toza» energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi 7 mlrd kub metrga kamayadi, havoga chiqariladigan zararli modda miqdori esa 11 mln tonnaga qisqaradi.
Shuningdek, marosimda 1,2 ming megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Bu yuklama vaqtlarida qo‘shimcha 1,5 mlrd kVt-soat elektrni tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Yana 11 ta yirik podstansiya va 420 km yuqori kuchlanishli tarmoqlar ishga tushirilib, energetika tizimining barqarorligi sezilarli darajada mustahkamlandi.
Avvalroq O‘zbekiston 2035-yilgacha zararli gazlar chiqindisini 50 foizga qisqartirilishi xabar qilingandi. Ushbu yo‘nalishda Jahon banki bilan hamkorlikda dunyodagi ilk innovatsion «ICRAFT» loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida O‘zbekiston tomonidan qisqartirilgan 23 mln tonna issiqxona gazi xalqaro darajada hisobga olindi.