Yangiliklar

Pantone 2026-yilning trend rangini e’lon qildi

«Bulut raqqosi» (Cloud Dancer)
Foto: Pantone

Pantone instituti 2026-yil uchun bosh rang sifatida «Bulut raqqosi» (Cloud Dancer) deb nomlangan neytral oq rangni tanladi. Bu haqda institut pres-relizida e’lon qilindi.

Mutaxassislar bu rangni notinch jamiyatda sokinlik, hushyorlik va yangilanishga bo‘lgan ehtiyojni ifodalovchi ramz sifatida talqin qilmoqda.

Pantone ta’rifiga ko‘ra, Cloud Dancer xuddi toza oq tuval kabi insonni ortiqcha chalg‘ituvchi g‘oyalardan ozod qilib, ham fikrni yangilash, ham eski qarashlarni ortda qoldirishga undaydi. Rasmiy identifikator — Pantone 11-4201.

Pantone vitse-prezidenti Lori Pressmanning aytishicha, 2026-yilning rangi o‘zgarish davrida aniqlikni va ongli soddalikni anglatadi, insonni muhim narsalarga diqqat qaratishga yordam beradi.

Pantone 26 yildan beri yil rangini e’lon qilib keladi. 2025-yilda Mocha Mousse — jigarrang va 2024-yilda Peach Fuzz —shaftolirang yil rangiga aylangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vikipediya 2025-yilning eng ko‘p o‘qilgan sahifalarini e’lon qilgani haqida yozgandi.