
Qamchiq dovonida qor yog‘di. Avtomobil yo‘lining 80 – 114 va 160 – 201 km oralig‘ida yomg‘ir, 114 – 160 km oralig‘ida esa qor yog‘moqda. Havo harorati -2 daraja, ko‘rish masofasi esa 500 metr atrofida.
«Qamchiqavtoyo‘l» korxonasi tomonidan yo‘lga qum-tuz aralashmasi sepib, qorni tozalash ishlari olib borilmoqda. Muassasa haydovchilarga ob-havo sharoitini inobatga olib, tezlikni oshirmaslik, oraliq masofani saqlash va barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilishni tavsiya etdi.
Avvalroq Qamchiq va Darband dovonlaridan o‘tgan temir yo‘llarga Koreyadan tezyurar poyezdlar sotib olinishi xabar qilingandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovga ko‘ra, Janubiy Koreyaning oltita tezkor Hyundai Rotem poyezdlari joriy yil dekabrdan boshlab keladi va 2026-yildan ular Buxoro – Miskin – Urganch – Nukus yo‘nalishida harakatlana boshlaydi.