
Rossiya hududida Snapchat messenjerining faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda RBK nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu servisdan «terrorizm harakatlarini tashkil etish va amalga oshirish, ijrochilarni jalb qilish, shuningdek fuqarolarga nisbatan firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etish» maqsadida foydalanilganini aniqlagan.
Ma’lumot uchun, Snapchat 2011-yilda Stenford universiteti talabalari Evan Shpigel, Frenk Braun va Bobbi Merfi tomonidan yaratilgan. Platforma foydalanuvchilarga qisqa vaqt ichida o‘chib ketadigan foto, xabar va video almashish imkonini beradi. Messenjer filtrlar, niqoblar va ilk bor joriy etilgan «stories» funksiyasi bilan mashhur bo‘lgan.
Shuningdek, Snap Inc. 2017-yilda Nyu-York fond birjasida IPO o‘tkazib, $25 mlrdga baholangan. Servis statistikasi 2025-yilda Snapchat’ning oylik auditoriyasi 943 mln foydalanuvchiga yetishini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyada Telegram vaqtincha bloklangan edi.