Avto

Rossiyada Solaris avtomobillarini yig‘ish vaqtincha to‘xtatildi

Zavodning 2025-yil uchun reja hajmi to‘liq bajarilgan
Foto: Solaris

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi AGR zavodida Solaris avtomobillarining kuzovlarini payvandlash ishlari to‘xtatildi. Bu haqda «Russkiy Avtomobil» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, zavodning 2025-yil uchun reja hajmi to‘liq bajarilgan, ammo yig‘ish jarayonida ayrim texnik ishlanmalar hali yakunlanmoqda.

Manbalarga ko‘ra, dekabr va yanvar oylarida kuzovlar bo‘yicha yangi buyurtmalar qabul qilinmaydi. Shu sabab ishlab chiqarish liniyalari vaqtincha bekor turadi. Kelgusida faoliyatni qayta boshlash bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Shuningdek, Rossiyada yig‘ilayotgan Hyundai Creta va Kia Rio modellarining ishlab chiqarilishi ham noma’lum muddatga qoldirilgan. Manbalarga ko‘ra, ishlab chiqarishni qayta boshlash 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan, biroq bu muddat ham qat’iy kafolatlanmagan.

Ma’lumot uchun, Solaris avtomobillari Sankt-Peterburgdagi zavodda ishlab chiqariladi. Ushbu korxona avval Janubiy Koreyaning Hyundai konserniga tegishli bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lada B-Van miniveni haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.