Samarqandda avtomobil ballonlarini yoqib yem tayyorlagan cho‘chqaxona egasiga chora ko‘rildi

Samarqandda avtomobil ballonlarini yoqib yem tayyorlagan cho‘chqaxona egasiga chora ko‘rildi. Bu haqda Maxsus komissiya xabar berdi.
Unga ko‘ra, viloyatning Pastdarg‘om tumani Kamolot mahallasida kechasi tarqaladigan quyuq, o‘tkir hidli tutun aholini uzoq vaqt bezovta qilib kelgan. Murojaatlar asosida o‘tkazilgan tekshiruvda «Ismoil Zaxro» MChJ avtomashina ballonlarini yoqib, chorva uchun yem tayyorlagani aniqlangan.
Tuman hokimligi tadbirkor bir necha oy davomida hududni yopib olib, ishchi guruhlarni ichkariga kiritmaganini ma’lum qildi. 3-dekabr kuni o‘tkazilgan maxsus o‘rganishda 40 sotix maydonda cho‘chqa boqilganligi aniqlangan.




Viloyat ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, tadbirkor ikki yil davomida hayvonlarga ozuqa tayyorlash uchun kechasi ballon yoqib kelgan. Bunda ekologiya va sanitariya ruxsatnomalari umuman bo‘lmagan. Korxonaning soliq qarzdorligi esa 60 million so‘mdan oshgan, rasmiy aylanmasi esa juda past bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Hokimlik holat darhol to‘xtatilganini va tegishli shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Avvalroq Toshkentda oltita qurilish obyektiga suv purkagichlar o‘rnatilgani xabar qilingandi. Shahar ekologiyasini asrash va qurilish jarayonida havoni ifloslantiruvchi omillarni bartaraf etish maqsadida 232 nafar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari xodimlari jalb qilindi. Tekshiruvlar davomida jami 97 ta obyekt o‘rganib chiqildi.