Gadjetlar

Samsung bukiluvchi smartfonlar bozorida yetakchilikni saqlab qoldi

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Huawei 15 foiz va Motorola 7 foiz bozor ulushi bilan egalladi
Foto: Sammobile

Counterpoint Research e’lon qilgan Q3 2025 hisobotiga ko‘ra, Samsung bukiluvchi ekranli smartfonlar bozorida dunyo bo‘yicha eng katta yetkazib beruvchi bo‘ldi.

Kompaniya chorak davomida umumiy jo‘natmalarning 64 foizini tashkil etdi. O‘tgan yilda kompaniyaning ulushi 56 foiz edi Tahlilchilarga ko‘ra, bozor ulushining oshishiga Galaxy Z Fold 7 va Galaxy Z Flip 7 modellarining muvaffaqiyatli taqdimoti asosiy omil bo‘ldi. Yangi qurilmalar texnik imkoniyatlari va dizayni bilan xaridorlar qiziqishini kuchaytirdi.

Foto: Sammobile

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Huawei 15 foiz va Motorola 7 foiz bozor ulushi bilan egalladi. Bu kompaniyalar o‘tgan yilgi pozitsiyalarini saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda Honor 6 foiz, Vivo 4 foiz va Xiaomi 2 foiz ulush bilan qayd etildi.

Hisobotda global smartfon bozori umumiy hajmi ham yil davomida 14 foizga oshgani aytilgan. Mutaxassislar 2026-yilda ham o‘sish davom etishini kutmoqda. Bu Samsung uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Biroq Apple’ning bukiluvchi iPhone modelini bozorga chiqarishi raqobatni jiddiy kuchaytirishi mumkin.

Foto: Grafik SI

Shuningdek, Samsung yaqinda Galaxy Z TriFold modelini taqdim etdi. Bu kompaniyaning uch buklamali ekranga ega ilk smartfoni bo‘lib, yangi format orqali bukiluvchi qurilmalar segmentida yetakchilikni mustahkamlashni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Exynos’ni noldan yaratish uchun yangi jamoa tuzayotgani haqida yozgan edi.