
Sun’iy intellektga bo‘lgan ulkan talab yaqin yillarda elektron qurilmalar, jumladan, smartfonlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin. Bunga SI infratuzilmasini barpo etish jarayonida yuzaga kelgan komponentlar tanqisligi sabab bo‘lmoqda.
Texnologik gigantlar butun dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt data-markazlariga yuzlab mlrd dollar sarmoya kiritmoqda. Buning uchun Nvidia boshchiligida yuqori unumli GPU, xotira modullari va boshqa murakkab chiplar talab qilinmoqda. Ammo ushbu komponentlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan yagona ta’minot zanjiri nafaqat SI sohasi, balki Apple, Samsung, Google va boshqa yirik kompaniyalar uchun ham muhim hisoblanadi. Talab keskin oshgani sabab yetkazib berish tizimi bunga dosh bera olmayapti.

Mutaxassislar fikricha, ayni paytda eng katta bosim xotira mikrosxemalari bozoriga to‘g‘ri kelmoqda. Saqlash qurilmalari, jumladan, HDD va SSD yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Ma’lumot markazlarida odatda katta sig‘imli HDD ishlatiladi, biroq ishlab chiqarish quvvati to‘lib ketgani sabab kompaniyalar ko‘proq SSD’dan foydalanishga o‘tmoqda. Aynan shu SSDlar esa maishiy elektronikada ham asosiy komponent hisoblanadi.
Shuningdek, DRAM xotira chiplari ham jiddiy tanqislikka duch kelmoqda. Nvidia GPUlarida ishlatiladigan yuqori tezlikdagi HBM xotirasi bir nechta DRAM qatlamidan iborat bo‘lib, ishlab chiqaruvchilar ustuvorlikni aynan shu turdagi chiplarga qaratmoqda. Natijada boshqa turdagi chiplar ishlab chiqarishi sekinlashmoqda.
Counterpoint Research hisob-kitoblariga ko‘ra, xotira chiplari narxi 2025-yil 4-choragida 30 foizga, 2026-yil boshida esa yana 20 foizga oshishi kutilmoqda. Bozordagi atigi 1-2 foizlik nomutanosiblik ham keskin qimmatlashuvga sabab bo‘lishi mumkin, hozir esa muvozanat 3 foizga yetgan.
BAM & Company tahlilchisi Piter Hanberi ta’kidlashicha, muammo ishlab chiqarish quvvatlarining yetarlicha kengaytirilmagani bilan bog‘liq. Chip ishlab chiqaruvchilar bozor haddan ziyod optimistik bo‘ladimi deb xavotir qilib, yangi zavodlarga sarmoyani kechiktirgan. Endi esa vaziyatni tezda to‘g‘rilash imkonsiz, chunki yangi fabrika qurish kamida 2-3 yil vaqt oladi.
Jarayon markazida yana bir omil ham bor. Nvidia o‘z mahsulotlarida tobora ko‘proq LPDDR xotirasidan foydalanishga o‘tmoqda. Ushbu xotira turi energiya tejamkor bo‘lib, ilgari asosan yuqori narxli smartfonlar va planshetlarda qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nvidia haydovchisiz avtomobillar uchun inson miyasiga teng sun’iy intellekt yaratgani haqida yozgan edi.