Vikipediya 2025-yilning eng ko‘p o‘qilgan sahifalarini e’lon qildi

eʼlon qilindi
Charlie Kirk haqidagi maqola 15 mln marta ko‘rildi
Foto: depositphotos.com

Vikipediya 2025-yilda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar siyosatchilar, ommaviy madaniyat vakillari, filmlar hamda seriallar haqida bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, eng ko‘p o‘qilgan sahifa — Charlie Kirk haqidagi maqola bo‘ldi. Amerikalik, siyosiy faollik bilan tanilgan Kirkning sentabr oyida o‘tkazgan universitet debatlarida o‘ldirilishi jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Voqeadan keyingi bir sutkada maqola 15 million marotaba ko‘rildi, bu soniyasiga 170 dan ortiq o‘qish demakdir. Qiziqarli tomoni, sahifa o‘quvchilarining 43 foizi AQShdan tashqaridagi foydalanuvchilar bo‘lgan.

Ikkinchi o‘rinda an’anaviy tarzda yuqori o‘rinlarni egallab keladigan «2025-yilda vafot etganlar» ro‘yxati turadi. Ushbu sahifani inglizcha Vikipediya volontyorlari doimiy ravishda yangilab boradi.

Rim papasi Fransiskning vafoti esa Vikipediyada tarixiy trafik ko‘rsatkichini qayd etdi. Foydalanuvchilar yangi Papa Lev XIV haqidagi sahifaga bir soniyada 800 ming marta kirishdi. Fransisk haqidagi maqola esa yil yakunida 11-o‘rinni egalladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp haqidagi sahifa ham 2025-yilda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar qatoriga kirdi. 20-yanvarda prezidentlikka ikkinchi marotaba kirishgan Tramp 2015-yildan beri sakkizinchi marta yil yakuniy top-ro‘yxatiga kirmoqda.

Shuningdek, mashhurlar orasida Ozzy Osbourne, bloger MrBeast va futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu eng ko‘p o‘qilgan shaxslar bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google 2025-yil bo‘yicha eng mashhur qidiruv natijalarini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek