
Yandex Go ilovasida shaharlararo jo‘natmalarni yetkazib beruvchi xizmat ishga tushirildi. Buyurtmalar Market Yandex Go punktlari orqali bir kundan boshlab yetkazib beriladi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uznekistan’ga xabar berdi.
Hozirgi bosqichda jo‘natmalar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona shaharlari o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Kelgusida xizmat ko‘rsatish hududi bosqichma-bosqich kengaytirlishi rejalashtirilgan. Jarayon to‘liq ilovada rasmiylashtiriladi. Yuboruvchi va qabul qiluvchi ma’lumotlari kiritilib, yaqin oradagi topshirish punkti tanlanadi. Qabul qiluvchi jo‘natmani o‘z shahridagi punktdan olib ketishi mumkin.

Foydalanuvchilar og‘irligi 12 kilogrammgacha bo‘lgan buyurtmalarni yuborish imkoniyatiga ega. Tizimda uchta vazn toifasi mavjud: S (2 kggacha), M (5 kggacha) va L (12 kggacha).
Xizmat narxi dastlabki uchta jo‘natma uchun 4,5 ming so‘mni tashkil etadi, keyingi buyurtmalar esa 9,5 ming so‘m etib belgilangan. Tarif qat’iy bo‘lib, masofa yoki tanlangan shaharga bog‘liq emas. To‘lov buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida ilova orqali karta yordamida amalga oshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go Qo‘ng‘irot shahrida ishga tushgani haqida xabar bergan edi.