
Nufuz, ishonchlilik va Toyota platformasiga asoslangan mustahkam konstruksiya — Lexus krossoverlarining asosiy afzalliklari hisoblanadi. Topspeed mutaxassislari 2020-yildan eski bo‘lmagan, bozorda o‘zini eng yaxshi ko‘rsatgan beshta modelni tanlab, ularning afzalliklari va real foydalanishdagi ko‘rsatkichlarini solishtirdi.
Ro‘yxatning yetakchisi — Lexus RX 350 (2024). J.D. Power baholashida model ishonchlilik bo‘yicha 85/100 ball to‘plagan, xavfsizlik esa iSeeCars reytingida 8,7/10 ga baholangan. 275 ot kuchiga ega 2,4 litrli turbomotor, past sonli servis chaqiriqlari va yuqori bozor talabi uni segmentdagi eng muvaffaqiyatli modellar qatoriga kiritadi.

Keyingi o‘rinlarda turuvchi Lexus UX 200 (2022) esa ixchamligi, tejamkorligi va AQSH yo‘l xavfsizligi regulyatori tomonidan birorta ham jiddiy nuqson qayd etilmagani bilan ajralib turadi. 169 ot kuchiga ega 2,0 litrli motor yoqilg‘i sarfi pastligi bilan mashhur.

Mutaxassislar yana Lexus RX 350 (2021) modelini alohida tilga oldi. U 2021 yilda J.D. Power tomonidan o‘z sinfida eng yaxshi premium SUV sifatida tanlangan. Kuchli 3,5 litrli V6 dvigateli, avtomat uzatmalar qutisi va yuqori likvidligi bu modelning bozordagi o‘rnini mustahkamlagan.

Shuningdek, Lexus NX 300 (2021) ham sifat, xavfsizlik va ishonchlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori baholangan. iSeeCars uni xavfsizlik bo‘yicha maksimal — 10/10 ball bilan taqdirlagan. 235 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbomotori bilan u segmentda eng muvozanatli variantlardan biri sanaladi.

Tadqiqotda yana Lexus RX 350 (2022) modeli ishtirok etgan. U o‘rta o‘lchamli premium krossoverlar ichida kuchli uchlikka kirgan bo‘lib, so‘nggi yillarda servis chaqiriqlari deyarli uchramagan.

Bundan tashqari, ramali tuzilishi va 4,6 litrli V8 dvigateli bilan mashhur Lexus GX 460 (2022) bozorda eng chidamli va eng kam shikoyat tushadigan offroader sifatida qayd etilgan. Bu model texnik xizmat ko‘rsatishda nisbatan qimmatroq bo‘lsa-da, mustahkamlik bo‘yicha mutaxassislar uni «deyarli nuqsonsiz» deya baholaydi.

Ro‘yxatni yakunlovchi Lexus GX 460 (2023) J.D. Power reytingida eng yuqori ishonchlilik bahosini olgan. Kuchli ramali konstruksiya, Multi-Terrain Select va Crawl Control kabi tizimlar uni ham asfalt, ham offroad sharoitida eng barqaror modellar qatoriga qo‘shadi.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, so‘nggi yillarda ishlab chiqarilgan Lexus krossoverlari ikkilamchi bozorda eng ishonchli va uzoq xizmat qiladigan avtomobillar sirasiga kiradi. Shu bois 5 yoshdan kichik Lexus xarid qilish — uzoq muddatli va xavfsiz investitsiya sifatida tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng ishonchli avtomobil brendlari e’lon qilingani haqida yozgandi.