Yangiliklar

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinov vafot etdi

89 yoshida
Foto: Qalampir.uz

2025-yil 4-dekabr kuni mashinasozlik sohasining yetuk olimi, Toshkent davlat texnika universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov 89 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Azmiddin Sadriddinov 1936-yil 26-iyunda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilgan. U Toshkent yengil sanoat institutida muhandis-mexanik yo‘nalishida tahsil olib, mehnat faoliyatini O‘rta Osiyo politexnika institutida katta laborant sifatida boshlagan. Keyinchalik aspiranturada tahsil olib, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

Olim o‘z faoliyati davomida Toshkent texnika universitetida katta o‘qituvchi, dotsent, fakultet dekani, birinchi prorektor va bo‘lim rahbari kabi mas’ul lavozimlarda ishladi. U agrar sohani mexanizatsiyalash, yangi texnologiyalarni ilmiy asoslash va ularni amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha katta hissa qo‘shgan.

65 yillik ilmiy faoliyati davomida Sadriddinov paxta terish mashinalarini takomillashtirish yo‘nalishida ko‘plab tadqiqotlar olib bordi, maqola, risola, monografiyalar yaratdi hamda 40 dan ortiq ilmiy loyiha, davlat granti va shartnoma asosidagi tadqiqotlarga rahbarlik qildi. U paxta terish mashinalari bo‘yicha laboratoriya bazasini tashkil etgani bilan ham tanilgan.

Professor sifatida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan olim rahbarligida o‘nlab nomzodlik va beshta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Azmiddin Sadriddinovning ilm-fan va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi rivojiga qo‘shgan xizmatlari «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori» faxriy unvoni, «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan e’tirof etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» dasturi boshlovchisi vafot etgani haqida yozgandi.