Avto

Yangi BYD Seal 07 EV taqdim etildi

BYD
Elektromobil 240 kVt quvvatga ega elektr motor va tomga o‘rnatilgan LiDAR sensori bilan jihozlangan
Foto: CarNewsChina

Xitoyda BYD kompaniyasining navbatdagi modeli – yangi Seal 07 EV haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar berdi.

Mid-size toifasiga kiruvchi ushbu elektromobil 240 kVt quvvatga ega elektr motor va tomga o‘rnatilgan LiDAR sensori bilan jihozlangan. Hujjatda mashinaning texnik o‘lchamlari ham keltirilgan bo‘lib, model hozirgi Seal 07 liniyasining navbatdagi yangilanishi sifatida baholanmoqda.

Hozirgi Seal 07 DM-i gibrid versiyasi haqida qisqacha

Eslatib o‘tamiz, BYD Seal 07 DM-i plug-in gibrid modeli 2025-yil sentabrida yangilangan ko‘rinishda taqdim etilgan edi. U ham tomga joylashtirilgan LiDAR, DiPilot 300 (God’s Eye-B) aqlli haydash tizimi, Ocean Aesthetics dizayn falsafasi bilan jihozlangan. Uning o‘lchamlari: 4 995 mm uzunlik, 1 900 mm kenglik, 1 495 mm balandlik va 2 900 mm g‘ildiraklar bazasi.

Yangi Seal 07 EV esa xuddi shu uzunlik va g‘ildiraklar bazasiga ega bo‘lsa-da, biroz kengroq – 1 910 mm.

Seal 07 EV’da qanday yangiliklar bor

Dizayn jihatdan EV versiya DM-i modeliga juda yaqin:
— Yopiq old panjara, tor faralar;
— Uch bo‘limli havo kirish kanali;
— Orqa qismda to‘liq uzunlik bo‘ylab yoritilgan chiroqlar;
— Yuqori qismida xrom bezak;
— Eng muhim yangilik ˜– tomdagi LiDAR, bu avtomobilning rivojlangan haydovchiga yordam beruvchi tizimlarini kengaytiradi.

Texnik ko‘rsatkichlari

MIIT hujjatlariga ko‘ra, BYD Seal 07 EV quyidagi o‘lchamlarga ega:

  • Uzunligi: 4 995 mm
  • Kengligi: 1 910 mm
  • Balandligi: 1 495 mm
  • G‘ildiraklar bazasi: 2 900 mm

Modelga Nankinda ishlab chiqarilgan TZ200XYAT elektr motori o‘rnatiladi. Uning quvvati 240 kVtni tashkil etadi. Akkumulyator esa Zhengzhou Fudi Battery kompaniyasi ishlab chiqaradigan litiy temir fosfat (LFP) turidagi batareyadir. MIIT hujjatida akkumulyator sig‘imi va masofa zaxirasi ko‘rsatilmagan.

Narx haqida ma’lumot

Hozirgi Seal 07 DM-i gibrid versiyalari Xitoy bozorida 149 800 – 186 800 yuan ($20,8 ming – $26 ming) oralig‘ida sotilayotgan bo‘lsa, yangi elektromobil — Seal 07 EV’ning narxi hozircha oshkor etilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy elektromobillarining zaif tomonlari haqida yozgandi.