
Analitik kompaniya Counterpoint Research 2025-yilning uchinchi choragi bo‘yicha dunyoda eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi.
Mazkur ro‘yxatda iPhone 16 birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, dastlabki 10 ta joy faqat ikkita kompaniya mahsulotlaridan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 16 umumiy sotuvlarning 4 foizini egallab, yetakchilik qildi. Sotuvlarning o‘sishiga Hindistonda o‘tkazilgan mavsumiy aksiyalar va Yaponiyada talabning tiklanishi yordam bergan. iPhone 17 chiqqani ham iPhone 16 savdolariga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmagan. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni iPhone 16 Pro, iPhone 16 Pro Max va iPhone 16e egalladi.

Beshinchi o‘rindan to‘qqizinchigacha bo‘lgan pog‘onalardan esa Samsung’ning Galaxy A16 5G, Galaxy A06, Galaxy A36, Galaxy A56 va Galaxy A16 4G smartfonlari joy oldi.
Analitiklarning fikricha, Galaxy A seriyasiga ilgari faqat flagmanlarda bo‘lgan sun’iy intellekt funksiyalarining qo‘shilgani sotuvlarni oshirgan. Reytingni iPhone 17 Pro Max yakunladi. U sentabr oyining eng ko‘p sotilgan smartfoni bo‘ldi, garchi chiqarilgandan keyin dastlabki haftalarda cheklangan miqdorda savdoga chiqarilgan bo‘lsa ham.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung 25 volt quvvatli simsiz zaryadlovchi ustida ishlayotgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, qurilmaning katalog raqami — EP-P2900. Hozirgi Samsung simsiz zaryadlovchilari 15 Vt quvvatga ega. Demak, yangi model deyarli ikki baravar tezroq zaryadlash imkonini beradi.