
6-dekabr kuni Angliya Premyer ligasining 15-turi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Manchester Siti» o‘z maydonida «Sanderlend»ni qabul qildi. Uchrashuv 3:0 hisobida mezbonlarning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvdagi hisob 31-daqiqada ochildi. Rayan Sherkining uzatmasidan so‘ng Ruben Diash raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, 35-daqiqada Yochko Gvardiol Fil Fodenning pasidan unumli foydalanib, oradagi farqni ikkita golga oshirdi. Pep Gvardiola bu safar ham Abduqodir Husanovni zaxirada qoldirdi.

Ikkinchi bo‘limda ham ustunlik «Shaharliklar» tomonida bo‘ldi. 65-daqiqada Fil Foden o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi, unga yana Rayan Sherki assistentlik qildi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Sanderlend» futbolchisi Lyuk Onayen qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng «Manchester Siti» 31 ochko bilan onlayn jadvalda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov zaxirada qolgan bahsda «Manchester Siti» 4 ta gol o‘tkazib yuborgani haqida xabar bergan edi.