
UNESCO O‘zbekistonning Nukus va Samarqand shaharlarini Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar global tarmog‘i (GNLC) tarkibiga qabul qildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Mazkur tarmoq maktab, ish joyi, madaniyat muassasalari va jamoat maydonlarida hayot davomida ta’limni qo‘llab-quvvatlaydigan shaharlarni birlashtiradi.



Joriy yilda 46 davlatdan 72 ta yangi shahar qo‘shilib, tarmoq a’zolari soni 91 davlatdagi 425 shaharga yetdi. Nukus va Samarqandning ushbu ro‘yxatga kiritilishi O‘zbekistonning barcha yoshlar uchun sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasidagi yutuqlari tan olinganidan dalolat beradi.
Bunda Nukus shahrida yoshlar va ayollar uchun qulay ta’lim imkoniyatlari kengaygani qayd etilgan bo‘lsa, Samarqandda Bilim Samarkand platformasi, zamonaviy o‘quv muassasalari va kasb-hunar ta’limining rivojlanishi alohida e’tirof etildi.
Avvalroq ta’lim muassasalarida xavfsizlikni kuchaytiruvchi «Xavfsiz ta’lim» konsepsiyasi joriy etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, maktablar, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy ta’lim muassasalari filiallarining xavfsizligi jismoniy va texnik qo‘riqlash tizimlari orqali ta’minlanadi. Qo‘riqlash departamenti shartnoma asosida ta’lim obyektlariga qo‘riqlash signalizatsiyasi, «tashvish tugmasi» tizimlari, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatadi va ularga xizmat ko‘rsatadi.