O‘zbekistonda hafta davomida qanday yangiliklar yuz berdi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan haftalik yangiliklarni bir joyga jamladi
Прогноз погоды
O‘zbekistonda hafta davomida qanday yangiliklar yuz berdi / Foto: ru-travel.livejournal.com

O‘zbekistonda o‘tgan hafta davomida bir qancha yangiliklar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.

Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga ikki milliard so‘m beriladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi joriy etiladi. G‘oliblarni aniqlash mezonlari bir necha ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Ulardan biri har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni va ushbu subyektlar tomonidan to‘langan soliq miqdoridir.

2026-yilda davlat budjeti qaysi sohalarga ko‘proq yo‘naltiriladi

2026-yilda davlat budjeti xarajatlari joriy yilda kutilayotgan ijroga nisbatan 3,5 foiz ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Joriy yil oxirigacha budjet xarajatlari tasdiqlangan parametrga nisbatan 12,8 foizga oshib, 388,9 trln so‘mni tashkil etishi, 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 402,4 trln soʻm bo‘lishi prognoz qilingan. 

Dekabrda o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi

2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston aholisi qo‘shimcha bir kun dam oladi. Konstitutsiya kuni munosabati bilan aholiga rasmiy dam olish kuni beriladi. Shuningdek, 31-dekabr ish kuni qisqartiriladi. Bu kunda xodimlar odatdagi ish vaqtidan bir soat oldin ishdan ketish huquqiga ega bo‘ladil. Mehnat tartibiga qarab ish kunlari soni quyidagicha belgilanadi:

  • besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun 22 ish kuni va 9 dam olish kuni mavjud bo‘ladi;
  • olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun esa 26 ish kuni va 5 dam olish kuni ko‘zda tutilgan.

Samsung Galaxy Z TriFold smartfoni 12-dekabrdan sotuvga chiqadi

Model joriy yil 12-dekabrda Janubiy Koreyada, keyin esa Xitoy, Tayvan, Singapur, BAA va AQSh kabi boshqa bozorlarda sotuvga chiqishi kutilmoqda. Galaxy Z TriFold’ni xarid qilgan mijozlarga Google AI Pro’da olti oylik sinov muddati, Gemini ilovasida Veo3 bilan ishlaydigan video generatsiyasi kabi kuchli funksiyalarga, shuningdek, 2TB xavfsiz bulutli xotiraga kirish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, har bir Galaxy Z TriFold xaridori displeyni ta’mirlash xarajatlariga bir martalik 50 foiz chegirma olish huquqiga ega bo‘ladi.

Kventin Tarantino XXI asrning eng yaxshi filmlarini ma’lum qildi

Mashhur rejissyor Kventin Tarantino «Bret Easton Ellis» podkastida chiqish qilib, 21-asrning o‘zi uchun eng yaxshi 10 ta filmini aytib o‘tdi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Ridli Skotning 2001-yilda suratga olingan «Qora qirg‘iy halokati» («Black Hawk Down») harbiy kartinasini egalladi. Ikkinchi o‘rinni «O‘yinchoqlar Tarixi 3» («Toy Story 3») animatsion filmi egallagan bo‘lib, rejissyor uni «deyarli mukammal film» deb atadi. Uchinchi o‘rinda Sofiya Koppolaning «Tarjima mashaqqatlari» («Lost in Translation») filmi joylashgan.

Rossiya Sibir suvini Markaziy Osiyo bilan bo‘lishmaydi — olimlar fikri

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir daryolaridan suvni Markaziy Osiyoga, avvalo, Oʻzbekistonga yetkazish bo‘yicha eski loyihani zamonaviy sharoitda qayta o‘rganishni boshladi. Ammo bir qator taniqli rossiyalik olimlar bu tashabbusning amalga oshmasligini ta’kidladi.

Maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘ldi

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanadi. Bunda boshlang‘ich sinflar (1 – 4-sinflar) uchun ta’til bir kun oldin, ya’ni 27-dekabr, shanba kuni start oladi. Ta’til muddati 14 kun bo‘lib, 2026-yil 10-yanvargacha davom etadi.

Eng ishonchli avtomobil brendlari e’lon qilindi

Consumer Reports eng ishonchli avtomobil brendlari bo‘yicha yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Subaru ketma-ket ikkinchi yil eng ishonchli avtomobil brendi deb topildi. Subaru Toyota va Hondani, hatto BMW va Porsche kabi premium brendlarni ham ortda qoldirdi.

Gulistondagi portlash bo‘yicha uch kishi qamoqqa olindi

Ichki ishlar vazirligi Gulistondagi oshxonalardan birida gaz balloni portlashi yuzasidan uch nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 2-dekabr kuni Bek Family Cafe’da noto‘g‘ri o‘rnatilgan gaz balloni sabab portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 29 kishi jarohat olgan, uch kishi vafot etgan. Shifokorlarning aytishicha, jabrlanganlardan birining ahvoli juda og‘ir.

8-dekabrdan O‘zbekistonga sovuq va nam havo kirib keladi — «O‘zgidromet»

Joriy yilning 8–10-dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Tezkor gidrometeorologik axborotga ko‘ra, 8–9-dekabrda respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda esa 8–10-dekabr davomida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi — 61,2 mlrd dollar

O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro rezervlari noyabr oyida keskin oshib, tarixiy maksimumni yangiladi. 1-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $61,23 mlrdni tashkil etmoqda. Bu bir oyda $1,89 mlrdga o‘sish demakdir. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, oltin zaxiralari bir oyda $3 mlrdga oshib, $50,86 mlrdga yetdi. Oltinning fizik hajmi ham 0,3 mln unsiyaga ko‘payib, 12,2 mln troy unsiyani tashkil qildi.

Toshkent metrosining 16 ta bekatida kassalar yopiladi

Toshkent metropoliteni to‘lov tizimini raqamlashtirish bo‘yicha navbatdagi bosqichni boshladi. 2025-yil 9-dekabrdan boshlab «Yer usti halqa yo‘li» yo‘nalishidagi barcha 14 ta bekatda, shuningdek Paxtakor va Alisher Navoiy bekatlarida an’anaviy kassalar faoliyati to‘xtatiladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh guruh bosqichi o‘yinlari sanalari e’lon qilindi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichida uchta o‘yin o‘tkazadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uchrashuvlarni Toshkent vaqti bilan e’lon qildi.

Terma jamoa birinchi o‘yinni 18-iyun kuni soat 07:00 da Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Meksika poytaxtidagi Mexico city stadionida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bellashuv 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi AQShning «Hyuston» stadionida o‘tkaziladi. Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28-iyun kuni soat 04:30 da «Atlanta» stadionida bo‘lib, raqib Kongo DR yoki Yangi Kaledoniya bo‘ladi.

2025-yilning uchinchi choragida eng ko‘p sotilgan smartfonlar e’lon qilindi

Analitik kompaniya Counterpoint Research 2025-yilning uchinchi choragi bo‘yicha dunyoda eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatda iPhone 16 birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, dastlabki 10 ta joy faqat ikkita kompaniya mahsulotlaridan iborat.

Qoraqalpog‘istonda qor yog‘di

Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlarida qor yog‘moqda. Qo‘ng‘irot tumani hokimligiga ko‘ra, tumanning «Qoraqalpog‘iston» posyolkasi qalin qor bilan qoplandi. «O‘zgidromet»ning Qoraqalpog‘istondagi Gidrometeorologiya markazi ham meteostansiya hududida qalin qor yogʻayotganini tasdiqladi.

Shuningdek