O‘zbekistonda yettita davlatdan import qilinadigan tovarlarga bojlar bekor qilinadi

«Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, Marokash, Tunis, Misr, Jazoir, Saudiya Arabistoni, Qatar va Moʻgʻuliston bilan bir taraflama oʻrnatilgan import bojlari bekor qilinadi.
Bunda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi, Bojxona qoʻmitasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birga ikki oy ichida ushbu davlatlar bilan olib kiriladigan mahsulotlarga qo‘yilgan bojlarni bekor qilish bo‘yicha reja ishlab chiqadi. Shuningdek, mahsulot kelib chiqishini tasdiqlovchi sertifikatlarni ikki tomonlama tan olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayon 2027-yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Marokash, Tunis, Misr, Jazoyir, Saudiya Arabistoni, Qatar, Mo‘g‘uliston davlatlari bilan hukumatlararo muzokaralar o‘tkazish dasturi ham ishlab chiqiladi.
Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (Jamshid Xodjayev) ikki hafta muddatda 2028-yil 1-yanvarga qadar import qilishda bojxona bojidan ozod etiladigan qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va materiallar ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Avvalroq bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlangani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligida bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.