SpaceX 800 milliard dollargacha baholanishi mumkin bo‘lgan IPO’ni ko‘rib chiqmoqda

Bloomberg xabariga ko‘ra, SpaceX kompaniyasi aksiyalarini birjada joylashtirish (IPO) uchun tayyorgarlikni boshladi. Joylashtirish 2026-yilning ikkinchi yarmida bo‘lishi kutilmoqda. Manbalarga ko‘ra, kompaniya birjaga chiqishi bilan $750 – 800 milliardga baholanishi mumkin.
SpaceX direktorlar kengashi ushbu masalani Texasdagi Starbase markazida muhokama qilgan. Shu bilan birga, kompaniya xodimlar va dastlabki investorlar uchun aksiyalarni ikkilamchi sotuvga chiqarishga ham tayyorlanmoqda. Bu bozor tomonidan IPO sari qo‘yilgan qadam sifatida baholanmoqda. Aksiyalarning muhokamalardagi narxi har bir qog‘oz uchun $400 dan yuqori, biroq yakuniy ko‘rsatkichlar o‘zgarishi mumkin.
Agar SpaceX $800 milliardlik baholash bilan IPO qilsa, hatto 5% ulushni sotishning o‘zi taxminan $40 milliard daromad keltiradi. Bu 2019-yilda $29 milliard jalb qilgan Saudi Aramco’ning bugungi kundagi rekord IPO’sidan ancha ko‘p. Bunday qiymat bilan SpaceX darhol dunyodagi eng yirik 20 ta ommaviy kompaniyalar qatoriga kiradi va Tesla’dan biroz past o‘rinda turadi.
Investorlar allaqachon bu yangiliklarga reaksiya bera boshlagan, hattoki yaqinda SpaceX’ga sun’iy yo‘ldosh aloqasi uchun chastotalarni sotgan EchoStar kompaniyasi aksiyalari ham ko‘tarildi.
SpaceX kosmik sanoatda yetakchiligini davom ettirmoqda. Falcon 9 raketalari soni bo‘yicha rekordga ega va eng yirik past orbitadagi sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i Starlink’ni boshqaradi. Starlink xizmatlaridan olinayotgan barqaror daromadlar esa IPO uchun eng muhim omillardan biri bo‘lishi aytilmoqda.
SpaceX bir necha yildan beri IPO masalasini ko‘rib kelmoqda. Avval Starlink’ni alohida kompaniya sifatida birjaga chiqarish varianti ham muhokama qilingan edi. Hozircha esa kompaniya butun guruhni birgalikda IPO’ga chiqarish tarafdori. Biroq rasmiy qaror bozor sharoitlari va investorlar qiziqishiga qarab belgilanadi.
Avvalroq SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasi yordamida 140 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Transporter-15 deb nomlangan ushbu missiya Vandenberg harbiy-havo bazasidan Tinch okeani vaqti bilan soat 10:44 da amalga oshirilishi kutilmoqda.