Yangiliklar

Hazorasp temir yo‘l vokzali yangi qiyofada foydalanishga topshirildi

Vokzal bir vaqtning o‘zida 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi
Hazorasp temir yo‘l vokzali yangi qiyofada foydalanishga topshirildi / Foto: «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ

Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi temir yo‘l vokzal «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan rekonstruksiya qilinib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vokzalning ochilish marosimida viloyat hokimi Jo‘rabek Raximov, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi raisi Qutlimurat Sobirov, «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sherali Yusupov, faxriy temiryo‘lchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Foto: «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi»
Foto: «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi»
Foto: «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi»

Rekonstruksiya doirasida binoda parda devorlari yangilandi, ichki pol qoplamalari zamonaviy materiallar bilan almashtirildi, shift va tashqi fasad qismlarida g‘isht terish va suvoq ishlari bajarildi, isitish tizimi yangilandi. Yo‘lovchilar uchun kutish zali, ona-bola xonasi, alohida kirish yo‘lagi, chipta sotish xonasi, VIP-zal va personal xonalari jihozlandi. Shuningdek, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatilib, zamonaviy mebel bilan ta’minlandi.

Foto: «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ

Rekonstruksiya natijasida Hazorasp temir yo‘l vokzali bir vaqtning o‘zida 200, bir kecha-kunduzda esa 1000 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Vokzal atrofida yashil maydonlar, gulzorlar va daraxtlar ekilib, ularni parvarishlash uchun zamonaviy sug‘orish tizimi o‘rnatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l olib kelinishi haqida xabar bergan edik.