Huawei Mate 80 smartfoni Xitoy bozorlarida sotuvga chiqdi

8-dekabr 2025 14:51 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Muxbir h.muxtorova@kursiv.media
Huawei Mate 80 smartfoni Xitoy bozorlarida sotuvga chiqdi / Foto: Huawei

Xitoydagi Huawei rasmiy onlayn do‘konida Mate 80 smartfonining asosiy modeli savdosi boshlandi. Bu haqda Mydrivers nashri ma’lum qildi.

Standart versiyalarni hozircha bemalol navbatsiz xarid qilish mumkin. Pro seriyasi esa kam bo‘lgani uchun Mate 80 Pro, Pro Max va RS Master Edition modellari faqat oldindan buyurtma yoki tez tugaydigan tezkor sotuvlar orqali olinadi.

Hozirda Mate 80 ning 12/512 GB va 16/512 GB xotirali versiyalari sotuvda mavjud. 12/256 GB modeli esa katalogda «mavjud emas» deb belgilangan. Katta modellarga navbatdagi oldindan buyurtmalar 9-dekabrda qabul qilinadi.

Mate 80 seriyasining texnik imkoniyatlari modellarga qarab farqlanadi: standart Mate 80 Kirin 9020 chipi bilan, Mate 80 Pro esa Kirin 9030 chipi bilan jihozlangan. 16 GB operativ xotirali versiyada Kirin 9030 Pro qo‘llanadi. Pro Max va RS Master modellari ham eng kuchli Kirin 9030 Pro chipidan foydalanadi.

Seriya 700 MHz chastotasida operator tarmog‘isiz favqulodda aloqa imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu texnologiya signalning yaxshi o‘tishi va keng qamrov radiusi orqali murakkab sharoitlarda ham aloqa o‘rnatishga yordam beradi. Bundan tashqari, smartfonlar BeiDou tizimi orqali xabar yuborishni, shu jumladan MeeTime orqali surat jo‘natishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei FreeBuds Pro 5 yangi simsiz quloqchinlarni namoyish qilgan edi.

Shuningdek